SSV huzuridagi Xaridlar markaziga qarshi ish qoʻzgʻatildi
Bu boshlangʻich narxi 12,1 mlrd soʻmlik tender boʻyicha bogʻliq.

SSV huzuridagi markazga nisbatan ish qoʻzgʻatildi.
Raqobat qoʻmitasi tomonidan “O‘ZMEDIMPEKS” DM (hozirgi nomi “Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Xaridlar markazi” DM) tomonidan “Kamera va yorugʻlik filtrlari bilan laboratoriya tadqiqoti oʻtkazish uchun tibbiy mikroskoplar” xarid qilish uchun oʻtkazilgan boshlangʻich narxi 12,1 mlrd soʻmlik tender boʻyicha oʻrganish ishlari amalga oshirildi.
Oʻrganish davomida, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK (Markaz) tomonidan taqdim qilingan maʼlumotga asosan tender hujjatlari boʻyicha Markaz tomonidan berilgan xulosadagi eʼtiroz va koʻrsatmalar qisman inobatga olinganligi maʼlum boʻldi. Tibbiy mikroskoplarning texnik koʻrsatkichlari qoʻshimcha qabul qilinadigan diapazon yoki chegara parametrlari bilan toʻldirilmasdan aniq parametr va talablar belgilanganligi sababli, ushbu xarid hujjatida “Olympus Corporation” (Yaponiya) ishlab chiqaruvchining tovariga bogʻlanganlik belgilari mavjudligi aniqlandi.
Yuqoridagilarga asosan, Qoʻmita Maxsus komissiyasi tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilish alomatlari bilan markazga nisbatan ish qoʻzgʻatilib, natijasi yuzasidan tender savdolarini bekor qilish boʻyicha qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida koʻrsatma berildi.
Maʼlumot oʻrnida. Maxsus komissiyaning ushbu qaroridan norozi boʻlgan tomon Qoʻmitaning Apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.