Ruhiyat qirralari: “Vaxtyor” sindromi
Salgina amal tegsa, oʻzidan hokimi mutlaq yasab oladiganlarning kasalini aynan shunday ataydilar. Ular hamma joyda va hamma davrlarda boʻlgan. Ammo nega bu holat postsovet jamiyatida yaqqol koʻzga tashlanadi?

Tasavvur qiling, kimgadir ozgina hokimiyat berildi. Masalan, qorovul kimning eshikdan oʻtishini hal qiladi, kotiba qaysi hujjatni avval imzo uchun rahbarga olib kirishni tanlaydi yoki farrosh oʻzi yuvib-artgan joydan yurish yoki yurish mumkin emasligini gʻurur va gʻazab bilan nazorat qiladi.
Shu paytgacha borligi bilinmay yurgan odamga kichkina vakolat yoki hokimiyat berilsa, “koʻrmaganni koʻrgani qursin” yoki “senga bir amal tegmasin” deganlaridek, kutilmaganda kibrlanib, burni koʻtarilib ketadi. Oʻziga berilgan vakolatdan, “yulduzli onlardan” 100, hattoki 200 foiz foydalanib qolishga harakat qiladi. Psixologiyada bu hodisa “vaxtyor sindromi” deb ataladi. (“Vaxtyor” – maʼlum bir kunlari navbatchilik qiladigan qorovul).
Albatta, har bir kasb egasini ulugʻlaymiz, hurmat qilamiz. Shu bois gap kasb haqida emas, ayrim odamlarning ijtimoiy mavqe va undan foydalanishda oʻzini gʻalati tutishi, arzimagan vakolatdan takabburlik qilishi haqida ketayotganini avvaldan eslatib qoʻyamiz.
“Vaxtyor sindromi” nima?
“Vaxtyor sindromi” bu – “kichik odam”ning hatto eng ahamiyatsiz holatda ham oʻz hokimiyatini namoyish etish istagidir. “Vaxtyor sindromi”ning bir necha masxaraomuz sinonimlari ham bor: “garderobchi sindromi”, “shlagbaum boshligʻi”, “eshik generali” va hokazo.
“Kichik odam” degan tushuncha bejizga ishlatilmagan. Odatda agressiv hokimiyatparastlik eng yuqori lavozimda turmagan odamlarda koʻproq namoyon boʻladi. Masalan, garderobchi sizga paypoqday qarab, uzatgan paltongizni koʻrmaslikka oladi va muloyim yoʻtalingizga nafrat bilan “Men bandman!” deb javob qaytaradi. Yoki ayrim kichik amaldor odamlar kutayotganini bilsa ham, bemalol choy ichib oʻtiraveradi.

Kichik hokimiyat haqida katta gap
Bu faqat yomon xarakterdan kelib chiqmaydi. Buning ortida bir nechta psixologik mexanizmlar bor. Tasavvur qiling, bir odam yillar davomida mansabda oʻsishni orzu qilgan, ammo bir joyda toʻxtab qolgan. Yoki bolalikda har bir qadamini nazorat etishgan, mustaqil harakatlanish imkonini berishmagan. Endi unga ozgina hokimiyat beriladi – va u darhol oʻzini koʻrsatishga oshiqadi.
Bu yerda tabiiy bir qonuniyat ishlaydi: inson hayotida qanchalik kam haqiqiy hokimiyat boʻlsa, u oʻzining “muhimligini” koʻrsatishga shunchalik qattiq yopishadi. Bu xuddi bolalarning oʻyin maydonchasidagi oʻyinga oʻxshaydi: agar bola oʻyinda yetakchi boʻlmasa, u hech qursa belkurakchasini kimga berish yoki bermaslik huquqidan huzurlanib foydalanadi.
Lekin eng qizigʻi – hamma ham “vaxtyor” boʻlib qolmaydi. Bu xuddi muayyan xislatlarga ega odamlar kirishi mumkin boʻlgan “maxsus klub” kabi tor psixologik doira. Odatda ular oʻziga ishonchi oʻta past odamlar hisoblanadi, ularning ong ostidagi tovush shunday shivirlaydi: “Qanday muhim va qimmatli ekaningni hammaga isbotla!”
Hokimiyat – qalqon sifatida
Baʼzi odamlar uchun esa hokimiyat – qalqondir. Masalan, farrosh boʻlib ishlaydigan ayol jimgina, xokisor boʻlib yursa, duch kelgan odam, it ham-bit ham, uni mensimasdan turkilay boshlaydi, hatto haqoratlaydi. Xoʻsh, bu holatda u nima qiladi? Toʻgʻri, farrosh birinchi boʻlib tish qayray boshlaydi. Bu xuddi boksdagiga oʻxshaydi – eng yaxshi himoya bu hujum! Bunday odam ataylab muammo yaratadi, keyin esa uni “qahramonlarcha” hal qiladi. Masalan, byurokratiya va qogʻozbozlik bilan sizni charchatadi, keyin esa himmat koʻrsatib, tezda ishingizni bitkazib beradi – va siz unga minnatdor boʻlishingizni kutadi.
Nega «vaxtyor sindromi» postsovet jamiyatida kuchli namoyon boʻladi?
Albatta, “vaxtyor”lar hamma joyda va hamma davrlarda boʻlgan. Ammo nega bu holat postsovet jamiyatida ayniqsa yaqqol koʻzga tashlanadi?
Bu qiziq fenomen. Bir necha yil oldin English Language & Usage Stack Exchange platformasi foydalanuvchilari “vaxtyor sindromi”ga ingliz tilida aniq analog izlashdi. Va topa olishmadi. Chunki bu – aynan sovet va postsovet jamiyatlariga xos boʻlgan hodisa.
Gʻarbda self-made man konsepsiyasi mavjud – noldan boshlab muvaffaqiyatga erishgan odamlar qadrlanadi. Bu fikrga koʻra, past ijtimoiy mavqega ega boʻlish uyatli emas – bu shaxsiy tanlov yoki vaqtinchalik bosqich. Qorovul yoki farrosh atrofdagilarga qattiqqoʻl boʻlishga muhtoj emas: ular hamma qatori kurashadi, baʼzan yiqiladi, baʼzan yuqoriga koʻtariladi.
Sovet jamiyatida esa ijtimoiy rollar qattiq taqsimlangan, kasbni oʻzgartirish va yuqoriga chiqish juda qiyin, baʼzan esa hatto mumkin emas edi. Odam qiyin ijtimoiy mavqeda qolib ketgan boʻlsa, oʻz taqdirini oʻzgartirish imkonini koʻrmaydi va bu holatni ichiga yutadi. Oxir-oqibat bu gʻazab “portlagan” agressiya sifatida namoyon boʻladi.

“Vaxtyor” bilan qanday muomala qilish kerak?
1. Eʼtibor bermaslik
Bu – asablaringizni asraydigan, ammo vaqtingizni oladigan usul. “Iloji yoʻqmi?” – yaxshi, yelka qisamiz, chuqur nafas olamiz va “vaxtyor”ni chetlab oʻtamiz.
2. Tortinmaslik
Agar vaziyat qattiq zoʻraysa, “vaxtyor”ni oʻz oʻrniga tushirib qoʻyish mumkin. Uning boshligʻiga qoʻngʻiroq qilish, ovozni balandlatish yoki sovuq ohangda: “Men bu yerdan oʻtish huquqiga egaman, siz esa oʻz ishingizni qiling”, deyish mumkin.
3. “Vaxtyor”ga yetishmaydigan narsani berish
Bu eng gumanistik yondashuv. Koʻpincha “vaxtyor” – oʻzini muhim his qilishni juda istaydigan baxtsiz odam. Odatiy “ishingiz uchun rahmat” kabi oddiy soʻz moʻʼjizalar yaratishi mumkin. Yoki har oʻtganda salom berib, ahvolini soʻrab oʻtish ham uning koʻnglini togʻdek koʻtaradi.
Qiziqqon farroshga esa shunday deyish mumkin: “Mana oyogʻimni artib kiryapman va juda ehtiyotkorlik bilan oʻtaman. Rostdan ham, bu yer juda toza ekan”.
Kichik amaldorga shunday deyish mumkin: “Bu masala juda muhim! Menga aytishdi, faqat siz yordam bera olar ekansiz. Boshqaning qoʻlidan kelmas ekan”.
Bu goʻyo xushomadga oʻxshashi mumkin, ammo aslida siz yoʻqotgan tayanchini topa olmagan odamga yordam berasiz. Agar sizda shunday resurs boʻlsa, bu eng oqilona va insonparvar yondashuvga aylanishi mumkin.
Xulosa
“Vaxtyor sindromi” – bu kichik hokimiyat sohiblarining oʻz vakolatlarini ortiqcha namoyish etish istagi. Bu holat postsovet jamiyatlarida ayniqsa kuchli namoyon boʻlib, uning ildizlari tarixiy va ijtimoiy omillarga borib taqaladi. Odatda bunday odamlar oʻzlarini muhim his qilishga muhtoj boʻladi va shu sababli atrofdagilarga qattiqqoʻllik qilishadi.
Bu sindromga duch kelganda, eʼtibor bermaslik, oʻz haq-huquqingizni himoya qilish yoki insonparvar yondashuv bilan muammoni yumshatish mumkin. Eng muhimi – bunday vaziyatlarda foydasiz tortishuv oʻrniga, oqilona va sovuqqonlik bilan harakat qilishdir.
Aslini olganda, hammamiz ham qaysidir darajada “vaxtyor sindromi”ga moyilmiz. Qaysi birimiz oshxonada, yana qaysimizdir bolalarimiz yoki xotinimiz uchun “vaxtyor”lik qilamiz. Farqi shuki, kimdir buni anglab yetadi va oʻzini nazorat qiladi. Kimdir esa buning uddasidan chiqmaydi.
Nafsilambirini aytganda, “vaxtyor sindromi” hokimiyat haqidagi hikoya emas, balki insonning kattaroq ahamiyatga ega boʻlishga ehtiyoji haqidagi masaladir. Shunchaki baʼzi odamlar bu ehtiyojni qondirish uchun notoʻgʻri yoʻlni tanlashadi...
Abulfayz Sayidasqarov