Oltin vasvasasi yoxud tilla narxi nega oshib ketyapti?
Butun dunyoda bu qimmatbaho metalni zaxiralash jarayoni ketayotgan bir paytda Oʻzbekiston eksportni koʻpaytirmoqda.

Joriy yil mart oyining oʻrtalarida oltin narxi tarixda birinchi marta bir unsiya (28,3495 gramm) uchun 3000 dollardan oshib ketdi. Oltin narxi 2008 yilning boshida 1000 dollar chegarasini bosib oʻtgan edi. Shunday qilib, 17 yil ichida oltin narxi uch baravarga qimmatlashdi.
Shveysariyaning “UBS“ banki tahlilchilariga koʻra, 2025 yilning IV choragiga kelib, oltin fyucherslari xavfsiz aktivlarga boʻlgan talab oshishi fonida bir unsiya oltin narxi uchun 3200 ming AQSh dollari taklif qiinishi mumkin.
"DoubleLine Capital" asoschisi va bosh investitsiya direktori Jefri Gundla esa undan ham yuqori – unsiyasiga 4000 dollarlik prognoz berdi.
“Oltin biz soʻnggi bir necha yildan beri gapirib kelayotgan poygasini davom ettirmoqda, – dedi “obligatsiyalar qiroli“ laqabini olgan investor. – Shunday taxmin qilishga asosim bor: oltinning bir unsiyasi narxi tez orada 4000 dollarga chiqadi”, deya qoʻshimcha qilgan direktor.
Oʻzbekistonda ham mart oyi oʻrtalarida quyma oltinlar narxi rekord darajada qimmatladi – 1 gramm oltin narxi 1 272 000 soʻmga chiqdi. Shu tariqa, 100 gr oltin quymalari narxi birinchi marta 127 million soʻm boʻldi. Ayni paytda esa (27 mart) Oʻzbekistonda 1 unsiya oltin narxi 3056,9 AQSh dollariga baholanmoqda. Tahlilchilar oltin narxi yilning ikkinchi yarmida 3500 dollargacha chiqishini prognoz qilishyapti.
Nega oltin narxi tushmayapti?
Mutaxassislarning fikricha, oltin narxining oʻsish sababi – AQSh Federal rezerv tizimi stavkalari oʻzgarishi fonida investorlarning kutilmalari bilan bogʻliq. Oltin narxi raketadek tez yuqori koʻtarilmoqda. Buning asosida geosiyosat emas, balki AQShdagi inflyatsiya koʻrsatkichlarining juda yaxshi boʻlishi yotadi. Ishlab chiqaruvchilar narxlari indeksi mutaxassislar kutgandan past boʻlib chiqdi va hamma darhol Federal zaxira tizimiga stavkalarni pasaytirish uchun erkin yoʻl berildi, degan xulosaga keldi. Hozirgacha regulyator pul-kredit siyosati borasida tanaffus olgan edi, ammo hozirgi inflyatsiya iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash uchun stavkalarni pasaytirishga imkon bermoqda.
Bloomberg’ning Macquarie Group tahlilchilariga tayanib yozishicha, oltin 2025 yilning uchinchi choragida unsiyasi rekord darajadagi 3500 dollargacha yetishi mumkin, chunki u himoyaviy aktiv sifatida jozibadorlikka ega. Umuman, yil boshidan beri oltin narxi 12 foizdan koʻproq qimmatladi. Tahlilchilarning xabar berishicha, buning sababi geosiyosiy noaniqlik va Donald Trampning tarif siyosati bilan bogʻliq. Shuningdek, qimmatbaho metall narxi qaysi valyutada belgilanishi ham muhim ahamiyatga ega. Investorlar oltinni fizik shaklda jamgʻarayotgani eʼtiborga molik. Agar investor uni sotib olayotgan boʻlsa, bu faqat depozitlarni musodara qilish xavfi sababli katta yoʻqotishga uchrashdan qoʻrqqani uchun shunday qilmoqda. Bugun yaxshi boʻlgan narsa, ertaga yomon boʻlishi mumkin. Yaʼni, AQShda vaziyat keskin oʻzgargan va xuddi shu narsa hozir Yevroittifoqda ham sodir boʻlmoqda. Demak, xavflar shunga mutanosib ravishda ortgan.
Nega qimmatbaho metallga talab oshdi?
Dunyoda oltin quymalar taqchilligi ortib bormoqda. Financial Times’ning yozishicha, soʻnggi haftalarda oltin Trampning “eng daromadli bitimi”ga aylandi. Oʻtgan oy Janubiy Koreya banklari “misli koʻrilmagan” talab fonida qimmatbaho metallarni sotishni toʻxtatdi. Londonda esa quymalar yetishmovchiligi haqida bayonot berildi. Bu vahimaning sababi – AQShda oltin importiga bogʻliq boj joriy etilishi haqidagi mish-mishlarga borib taqaladi. Oq uy rahbari oʻz chiqishlarida qimmatbaho metallarni tilga olmagan boʻlsa-da, tahlilchilar oltin narxi prognozlarini qayta koʻrib chiqa boshladi. Goldman Sachs oʻz prognozlarini yil oxirigacha unsiyasi uchun 3,1-3,3 ming dollargacha oshirdi.
Tramp saylovda gʻalaba qozonganidan soʻng, jahon oltini AQShga oqib kela boshladi. Oʻshandan beri Nyu-Yorkdagi zaxiralar ikki barobar oshib, 106 milliard dollarga yetdi. Comex maʼlumotlariga koʻra, faqat fevral oyida JPMorgan Chase fyuchers shartnomalari orqali Nyu-Yorkka 4 milliard dollarlik oltin yetkazib berishni rejalashtirgan.
Tariflar urushi
Oʻtgan oy Donald Tramp metall sanoatiga nisbatan 25 foizlik import bojlarini joriy etgani haqida eʼlon qildi. Endi treyderlar ushbu chora-tadbirlar oltinga ham tegishli boʻlishi mumkinligidan xavotir olishmoqda. Bu metallga boʻlgan kuchli talab pandemiya davridagi 2020 yilni eslatadi. Oʻshanda Nyu-York butun dunyodan oltin quymalarini “soʻrib” olgan edi. Yangi rekordlar fonida, koʻplab “qogʻoz oltini” xaridorlari real metall yetkazib berishni talab qila boshlashdi.
Tarif urushi ham muhim omil boʻlib qolmoqda. Balki yaqin istiqbolda oltin importiga boj joriy etilishi mumkin. Bunday vaziyatda oqilona yondashuv – oltinni oldindan zaxira qilishdan iborat boʻladi.
Ilon Maskning hissasi
Shu bilan birga, Trampning maslahatchisi Ilon Mask Fort-Noks harbiy bazasida audit oʻtkazishni talab qildi, u yerda AQSh oltin zaxiralarining yarmi – 4,5 ming tonnadan ortiq tilla saqlanadi. Ilon Mask oʻziga tegishli X ijtimoiy tarmogʻida ushbu zaxiraning borligiga ishonch hosil qilmoqchi ekanini bildirgan.
Newsweek’ning yozishicha, agar tekshiruv oʻtkazilsa, zaxira bilan hujjatlardagi raqamlar oʻrtasidagi har qanday farq jahon bozorlarida shokka olib kelishi mumkin. 2025 yilda Nyu-Yorkda oltin fyucherslari 11 foizga oshgani ham bunga zamin yaratadi.
Tahlilchilarning fikricha, “oltin vasvasasi” AQSh yoʻlga qoʻyadigan yangi trend boʻlishi mumkin. Oltin davlat ehtiyojlari uchun kreditlash vositasi sifatida faol qoʻllaniladi. Butun dunyo markaziy banklari ham oltinga boʻlgan talabni saqlab turishmoqda, chunki ular dollardan uzoqlashishga intilishmoqda. “Jahon oltin kengashi” maʼlumotlariga koʻra, oxirgi uch yil ichida xaridlar hajmi 1000 tonnadan oshgan. Bu xususiy investorlar ishonchini ham oshiradi.
Jahon investorlari Donald Trampdan himoyalanmoqda
Bank of America kuzatuvlari tarixidagi eng katta haftalik mablagʻlar jahon investorlari tomonidan oltinga yoʻnaltirildi. Investorlar oʻz sarmoyalarini oshirib, AQSh prezidentining savdo hamkorlari bilan tarif urushi va siyosiy noaniqlik oqibatlaridan himoyalanmoqda. Emerging Portfolio Fund Research (EPFR) maʼlumotlariga koʻra, xalqaro investorlar oltin xaridlarini jadal ravishda oshirmoqda.
Oʻzbekiston esa oltin eksportini koʻpaytirmoqda
Butun dunyo oltin yigʻishga qiziqayotgan bir paytda Oʻzbekiston oltin sotish hajmini pasaytirmayapti. Oʻzbekiston ichki bozorga ham oltin sotishni yoʻlga qoʻydi. Jumladan, Markaziy bank 2025 yil 17 yanvardan boshlab ogʻirligi 100 gramm boʻlgan oltin quymalarni sotuvga chiqardi. Ular avvalgi 5, 10, 20 va 50 grammli quymalarga qoʻshimcha sifatida tijorat banklari orqali sotiladi.
Ayni paytda Oʻzbekiston eksportida oltin savdosi muhim oʻrin egallab turibdi. Jumladan, Oʻzbekiston 2024 yilda xorijga deyarli 7,5 milliard dollarlik oltin yetkazib berdi. Toʻgʻri, bu koʻrsatkich 2023 yilga nisbatan 8,3 foizga kam boʻlib, umumiy eksportning 27,8 foizi qimmatbaho metallar ulushiga toʻgʻri keladi.
Shunday boʻlsa-da, Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxiralari yil boshidan beri 19,1 foizga oʻsib, 2024 yilni 41,2 milliard dollar bilan yakunladi. Bu davr mobaynida zaxiralar 34,6 milliard dollardan 6,6 milliard dollarga koʻpaydi. Zaxiralardagi oltin ulushi, soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, 32 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Shunday qilib...
Oltin bozoridagi keskin oʻzgarishlar global iqtisodiy va siyosiy jarayonlar bilan chambarchas bogʻliq. AQSh Federal rezerv tizimining stavkalarni pasaytirishga tayyorligi, geosiyosiy noaniqliklar, tariflar urushi va inflyatsiyaga qarshi kurash – bularning barchasi oltinni yanada jozibador aktivga aylantirmoqda. Jahon markaziy banklari va xususiy investorlar oltinga boʻlgan talabni oshirar ekan, narxlarning yanada oʻsishi ehtimoli yuqori.
Oʻzbekiston uchun bu jarayonlar ikki tomonlama ahamiyatga ega. Bir tomondan, oltin narxining oʻsishi mamlakatning eksport daromadlarini oshirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, ichki bozordagi talabni qondirish masalasi dolzarb boʻlib qolmoqda. Mamlakat oltin-valyuta zaxiralarining oʻsishi va ichki bozorda oltin savdosining rivojlanishi iqtisodiy barqarorlikni taʼminlashda muhim rol oʻynaydi.
Hozirda oltin bozoridagi dinamika turli omillarga bogʻliq boʻlib, ularning rivojlanishi narxlarga taʼsir koʻrsatadi. Biroq tahlilchilarning fikriga koʻra, jahon bozorida oltinning ahamiyati ortib boradi va uning narxi yaqin yillarda yangi rekordlarga erishishi mumkin.
Abulfayz Sayidasqarov