platina.uz
Jamiyat

Leapmotor mojarosi: taqiqlar qonuniymi?

Texnik tartibga solish inspeksiyasi ushbu rusumdagi mashina importini taqiqlagan, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar boshlangan. Aslida vaziyat qanday?

Leapmotor mojarosi: taqiqlar qonuniymi?

Bugun Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Leapmotor C16 avtomobilida aniqlangan “kamchilik” sababli avtomobillarlarni sertifikatlashtirish organlariga Leapmotor rusumli mashinalarni sertifikatlashtirish yuzasidan arizalarni qabul qilishni toʻxtatish toʻgʻrisida xat yuborgan.

Ijtimoiy tarmoq faollari va jamoatchilik orasida ushbu holat tanqidiy qabul qilinib, koʻplab munozaralarga sabab boʻlgan. Mustaqil iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov esa buni buyurtma deb atagan.

"Chayqovchi monopolistning qimmatlashtirilgan Luzer laqabli moshini sotilmayotgani uchun Leapmotor’ni jazolashga buyurtma-harakat boshlangani va bunga bahona qidirilayotgani anchadan beri aytilayotgandi", deb yozgan bloger.

Shu sababli inspeksiya munosabat ham bergan. Unda aytilishicha, Xitoyning Leapmotor kompaniyasiga tegishli C16 rusumli avtomobil sinovdan oʻtkazilganda xalqaro standartlarga, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlangan, yaʼni belgilangan meʼyordan 16 baravar koʻp.

Inspeksiyaning eslatishicha, elektromagnit moslashuvchanlik (EMS) – elektron qurilmalar va tizimlar oʻrtasida elektromagnit maydonlar taʼsirini minimallashtirish uchun oʻtkaziladigan muhim sinovdir. Bunday sinovlar transport vositalari uchun ham zarur, chunki elektromagnit maydonlarning avtomobil elektron tizimlariga taʼsiri xavfsizlikka jiddiy taʼsir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, elektromagnit nurlanishning inson salomatligiga taʼsiri ham muhim masala hisoblanadi. Tadqiqotlarga koʻra, yuqori darajadagi elektromagnit maydonlar organizmga salbiy taʼsir koʻrsatishi, jumladan, asab tizimi, yurak-qon tomir tizimi va hatto saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkin.


Qayd etish kerak, Oʻzbekistonda elektromagnit moslashuvchanlik (EMS) sinovlari Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazining Piskent tumanida joylashgan maxsus laboratoriyasida oʻtkaziladi.

Jamoatchilik tomonidan ushbu laboratoriya yagonaligi uchun navbatlar haddan ziyod koʻpligi, aholi sarson boʻlayotganiga anchadan beri eʼtibor qaratilib, koʻp tanqidiy chiqishlar kuzatilgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid