Issiqxona gazlari salkam 16 mln tonnaga kamayadi – Shavkat Mirziyoyev
Oʻzbekiston prezidenti nufuzli "Euronews" telekanaliga eksklyuziv intervyu berdi.

Yaqin 5 yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushi 54 foizga yetkaziladi, bu issiqxona gazlari chiqishini qariyb 16 million tonnaga qisqartirish va Oʻzbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga kamaytirish boʻyicha oʻz zimmasiga olgan majburiyatlarni muddatidan oldin bajarishga imkon beradi.
Shavkat Mirziyoyev nufuzli "Euronews" telekanaliga bergan intervyusida mintaqa va dunyodagi holat, iqlim, ekologiya, qayta tiklanuvchi energiya manbalari va boshqalar haqida gapirdi.
– Ayni paytda Oʻzbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini faol kengaytirmoqda. “Yashil” energetika va iqlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Markaziy Osiyoda “uglerod kreditlari” bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu mexanizm korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga investitsiyalar jalb qilish imkonini beradi, shuningdek, uglerod kvotalari savdosi sohasida xalqaro hamkorlik platformasiga aylanadi, – dedi prezident.
Uning taʼkidlashicha, faoliyat yuritayotgan 14 ta yangi quyosh va shamol elektr stansiyalariga qoʻshimcha ravishda umumiy quvvati 24 ming megavatt boʻlgan 50 dan ortiq shunday loyiha amalga oshiriladi.
Shuningdek, energetika tizimlari modernizatsiya qilinib, samaradorligi oshiriladi va uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi.
Intervyuni toʻliq bu yerda oʻqish mumkin.