Trampning Grenlandiyani egallash maqsadi qatʼiy
Orolni birinchi boʻlib Amerika egallab olmasa, uning raqobatchilari (Rossiya va Xitoy) indamay kutib turmaydi.

Donald Trampning provokatsion rejalari orasida Kanada va Grenlandiyani AQShga qoʻshib olish haqidagi bayonotlari alohida eʼtiborga molik. Bu qaror ayrimlada xavotir, baʼzilarda istehzo uygʻotdi. Biroq bu rejaning AQSh uchun ijobiy hal qilinishiga ishongan kuchlar ham mavjud.
Jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSh prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani AQShga qoʻshib olish rejalariga izoh berdi. Rossiya yetakchisining taʼkidlashicha, bu yangi Amerika maʼmuriyatining “ekstravagant gap-soʻzlari” emas, balki jiddiy rejalar haqida gap ketmoqda.
“Bu rejalar uzoq tarixiy ildizlarga ega. Va ochiq-oydinki, AQSh oʻzining geostrategik, harbiy-siyosiy va iqtisodiy manfaatlarini Arktikada sistemali ravishda ilgari surishda davom etadi”, dedi Vladimir Putin “Arktika – muloqot hududi” VI Xalqaro Arktika forumidagi chiqishida.
Huquqiy nozik jihatlar
Hozir Grenlandiya – Daniya tarkibidagi oʻzini oʻzi boshqaruvchi hudud hisoblanadi. Shu yilning 12 mart kuni orolda parlament saylovlari boʻlib oʻtdi. Saylov natijalarga koʻra, muxolifatdagi “Demokratlar” partiyasi 29,9% ovoz toʻplab gʻalaba qozondi. Yangi tarkibdagi deputatlar endilikda Grenlandiyaning Daniyadan ajralish rejasini ishlab chiqish uchun masʼul boʻlishadi. Donald Tramp esa Grenlandiyani AQSh tarkibiga kiritish istagini bir necha marotaba bildirgan.
Bu yoʻldagi jiddiy qadam sifatida 27 mart kuni Grenlandiyaga yuqori martabali Amerika delegatsiyasi yoʻl oldi. Uning tarkibiga AQSh vitse-prezidentining rafiqasi Usha Vens, milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Uolts va AQSh energetika vaziri Kris Rayt kirgan. Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede Vashington delegatsiyasining tashrifini, xususan, Uoltsning orolga kelishini “provokatsiya” deb baholadi.
Yangi keskinlik davri
Tan lish kerak, ayni paytda AQSh, Daniya va Grenlandiya oʻrtasidagi munosabatlarda yangi keskinlashuv bosqichi boshlandi. Amerika delegatsiyasi “xavfsizlik holatini baholash” maqsadida orolga borishini maʼlum qildi. Holbuki, bir necha kun oldin orol hokimiyati hatto vitse-prezident rafiqasi va boshqa yuqori lavozimli amerikalik amaldorlarning tashrifini ham “provokatsiya” deb atagan edi. Biroq vaziyat keskinlashishiga yoʻl qoʻyilmadi, chunki taklif qilinmagan mehmonlar, ehtimol, faqat AQSh harbiy bazasiga tashrif bilan cheklanib, mahalliy aholi bilan aloqalarga kirishmasliklari maʼlum boʻldi.
Maʼlumotlarga koʻra, 27 martda boshlangan bu safarning asosiy maqsadi Vens xonimning “tarixiy joylar, Grenlandiya merosi bilan tanishishi va Avannaata Qimussersua milliy it poygasida qatnashishidan iborat” xolos.
Shu bilan birga, Vashington amerikalik vakillar madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun emas, balki xavfsizlikni taʼminlash uchun kelayotganini yashirmadi. “AQSh Arktika mintaqasida xavfsizlikni taʼminlashdan manfaatdor va milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi hamda energetika vazirining AQSh fazoviy bazasiga tashrifi hayratga solmasligi kerak”, dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Brayan Xyuz. Uning taʼkidlashicha, delegatsiya harbiy obʼektga tashrif buyurish orqali “birinchi manbadan” maʼlumot olishni rejalashtirgan.
“Juma kuni Grenlandiyaga borishni intiqlik bilan kutyapman”, deb yozdi AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens X ijtimoiy tarmogʻida, oroldagi xavfsizlik holatini tekshirish rejasi haqida maʼlumot berib. U buning zarurligini “Grenlandiyaga koʻplab boshqa davlatlar tahdid solayotgani, uning hududi va suv yoʻllaridan foydalanib, AQSh, Kanada va Grenlandiya xalqiga xavf tugʻdirmoqchi boʻlayotgani” bilan izohladi.
Shu bilan birga, orol hokimiyati va Daniya hukumati amerikalik mehmonlarning tashrifidan noroziligini hali vitse-prezident rejalari eʼlon qilinmasidan oldin oshkor ifoda etgan edi. Grenlandiyaning tez orada lavozimini tark etadigan bosh vaziri Mute Egede 24 mart kuni mahalliy gazeta Sermitsiaq’ga bergan intervyusida Amerika delegatsiyasi tashrifini “provokatsiya” deb atagan. “Safarning yagona maqsadi bizga oʻz qudratini koʻrsatish, bu signalni boshqacha talqin qilish mumkin emas”, dedi u.
Daniyada ham shu kabi fikrlar bildirildi. Daniya Grenlandiyaning tashqi siyosat va mudofaasini nazorat qilishda davom etayotganiga qaramay, orol keng muxtoriyat huquqiga ega. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen Amerika delegatsiyasining tashrifini Kopenhagen va Nuuk maʼmuriyatiga bosim oʻtkazishga urinish sifatida baholadi. “Bu Grenlandiyaga kerak boʻlgan tashrif emas”, dedi u 25 mart kuni.
Amerika maʼmuriyati esa bunga qaramasdan, tashrif Grenlandiyaning taklifi bilan amalga oshganini iddao qildi. “Odamlar bizni chaqiryapti”, dedi Donald Tramp jurnalistlarga bergan intervyusida.
“Maʼlumot uchun: Grenlandiya hukumati hech qanday rasmiy yoki shaxsiy taklif yubormagan”, deb javob qaytardi Grenlandiya vazirlar mahkamasi.
Bu orada, tashrifdan bir kun oldin Vashington Venslar safari yoʻnalishini qisman oʻzgartirdi. Ular poytaxtdan 1,5 ming km shimolda joylashgan AQSh fazoviy bazasi “Pituffik”ka tashrif buyuradigan boʻldilar. Bu yerda Arktikadagi xavfsizlik masalalari boʻyicha brifing va amerikalik harbiylar bilan uchrashuv oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Maʼlumot uchun, 1951 yildagi AQSh va Daniya oʻrtasidagi kelishuvga koʻra, Amerika rasmiylari harbiy bazalarga oʻz xohishiga koʻra tashrif buyurish huquqiga ega.
Asriy orzu oroli
2024 yilda AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp va Daniya qiroli Frederikning harakatlari tufayli Grenlandiya butun dunyo eʼtiborida boʻldi. Donald Tramp Grenlandiyani sotib olish taklifi bilan chiqdi. Daniya qiroli esa shunga javob tariqasida mamlakat gerbiga Grenlandiya ramzi – oq ayiqni yanada muhim qilib qoʻshdi.
Donald Trampning Grenlandiya AQSh tarkibiga kirishi kerakligi haqidagi gʻoyasi umuman yangi emasligini aytishning oʻzi kifoya. Bu masalani birinchi boʻlib 1861-1869 yillarda AQSh davlat kotibi boʻlgan Uilyam Syuard koʻtargan. Ha, aynan shu inson Rossiyadan Alyaskani sotib olish boʻyicha kelishuvga erishgan. Biroq Grenlandiya bilan bunday kelishuvning uddasidan chiqmagan. Shunga qaramay, Amerika orolga boʻlgan daʼvosidan voz kechmagan. Hatto bir muddat AQSh Grenlandiyani amaliy jihatdan boshqargan: 1941 yilda amerikalik harbiylar orolni okkupatsiya qilgan. Toʻgʻri, bu toʻliq emas, qisman amalga oshirilgan: amerikaliklar butun orolni nazorat qila olmagan, chunki u katta qismi odam yashamaydigan hududdan iborat edi. Shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan bu yerga nemislar ham tushgan.
Oʻsha davrdan boshlab Grenlandiya AQShning barcha harbiy rejalarida mamlakat mudofaasi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega hudud sifatida koʻrila boshlandi. 1970-yillar oʻrtasida AQSh Birlashgan shtab boshliqlari qoʻmitasining maxfiy hujjatlari oshkor qilindi, ulardan maʼlum boʻlishicha, AQSh hali 1946 yildayoq Grenlandiya Daniya uchun “umuman keraksiz” hudud, biroq AQSh xavfsizligini taʼminlash uchun juda zarur, degan xulosaga kelgan. Amerikalik harbiylar Daniyaga orol uchun 100 million dollar taklif qilishgan. Shuningdek, Alyaskaning bir qismini Grenlandiyaga almashtirish varianti ham koʻrib chiqilgan. Biroq Daniya bu takliflarni rad etgan. AQSh esa Daniya NATOga aʼzo boʻlganidan keyin hamda orolda bir nechta amerikalik harbiy bazalar tashkil etilgandan soʻng Grenlandiyaga boʻlgan daʼvosidan voz kechdi (hozirgi kunda faqat bittasi qolgan).
Asosiy bahona – xavfsizlik
Amerikalik harbiylarning fikricha, Grenlandiya AQSh xavfsizligi masalasida hal qiluvchi rol oʻynaydi. Daniya orol mudofaasini taʼminlash va uning suv hududlariga chet el harbiy kemalarining kirib kelishini nazorat qilish imkoniyatiga ega emas. Shuningdek, Grenlandiya NATOning “Farer-Islandiya chizigʻi” deb nomlangan suvosti kemalaridan himoya tizimining bir qismi hisoblanadi. Bu chiziq AQShning shimoli-sharqiy hududlarini himoya qilish uchun juda muhim deb baholanadi. Zero, Grenlandiya havo kengliklari AQSh va Kanadani havodan himoya qilishda katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, orol Amerika kosmik dasturlarining normal ishlashi uchun ham kerak. Shuni aytishning oʻzi kifoyaki, Grenlandiyada qolgan yagona amerikalik harbiy baza aynan AQSh Kosmik kuchlariga tegishli.
Yer osti boyliklariga ega chiqish asosiy maqsadmi?
Bundan tashqari, olimlarning maʼlumotlariga koʻra, Grenlandiyada dunyoning eng yirik (Xitoydan tashqari) noyob yer elementlari zaxiralari, shuningdek, neft va gaz konlari mavjud. Hozircha bu zaxiralar qazib olinmayapti, chunki mahalliy hukumatlar bunga qarshi chiqadi (ular neft va gazni qazib olish siyosiy jihatdan notoʻgʻri va orol ekologiyasiga zararli deb hisoblaydi). Bundan tashqari, transport masalasi ham muammo tugʻdiradi. Ammo olimlar global isish tufayli Arktika dengiz yoʻllari muzlardan xoli boʻlishi uchun koʻpi bilan oʻn yil kerak va bu neft hamda gazga yetishishni osonlashtiradi, deb hisoblashmoqda. Koʻplab mutaxassislarning fikriga koʻra, Grenlandiyani birinchi boʻlib Amerika egallab olmasa, uning raqobatchilari (bu yerda Rossiya va Xitoy nazarda tutilmoqda) indamay kutib turmaydi.
Orol Daniyaga qanchalik kerak?
Vaziyatni kuzatib, Grenlandiya mutlaqo kerak boʻlmagan yagona davlat – Daniya deb oʻylash mumkin. Daniya grenlandiyaliklarga istalgan vaqtda mustaqillik boʻyicha referendum oʻtkazish va uning natijasini qabul qilish huquqini bergan. Shuningdek, orol byudjetiga yillik 77 million dollar miqdorida subsidiya ajratib kelmoqda, biroq uning qanday sarflanayotganini nazorat qila olmaydi va buning evaziga hech qanday foyda olmaydi, chunki Grenlandiya qirollik byudjetiga hech qanday hissa qoʻshmaydi). Afsuski, hozirgi vaziyatda Grenlandiya Daniya uchun goʻyoki “dastaksiz jomadon”ga aylangan – tashlashga koʻzi qiymaydi, koʻtarishga esa qiynaladi.
Abulfayz Sayidasqarov