Andijondagi portlash boʻyicha hukumat komissiyasi tuzildi
Baxtsiz hodisa oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga har tomonlama yordam beriladi.

Izboskan tumanidagi masjidda roʻy bergan gaz portlashida voqeasi sabablari va oqibatlarini oʻrganish uchun hukumat komissiyasi tuzildi.
Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatovning maʼlum qilishicha, komissiyaga bosh vazir oʻrinbosari Ochilboy Ramatov rahbarlik qiladi.
Baxtsiz hodisa oqibatida halok boʻlgan fuqarolarning oila aʼzolariga har tomonlama koʻmaklashish va jabrlangan fuqarolarga tez tibbiy yordam koʻrsatish, uning kelib chiqish sabablarini oʻrganish komissiyaning birlamchi vazifasi etib belgilandi.
Bosh prokuratura xabariga koʻra, portlash yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Eslatib oʻtish kerak, bugun Ahmadali Hoji jomeʼ masjidida gaz portlagan. Oqibatda 3 kishi halok boʻlgan, 10 kishi jarohatlangan.
Voqea joyiga viloyat hokimi, favqulodda vaziyatlar vaziri, muftiy, bosh vazir oʻrinbosari va boshqa masʼullar yetib borgan.