platina.uz

Wi-Fi’ni ixtiro qilgan aktrisa: Hollivud, torpedalar va simsiz aloqa

Uning goʻzalligidan hatto Uolt Disney ham ilhomlanib, “Oppogʻoy” multfilmi bosh qahramonini chizgan. Hatto aktyor Jorj Sanders shunday degan: “Hedi Lamarr xonaga kirganida hamma uning goʻzalligidan hayratga tushib jim boʻlib qoladi”.

Madaniyat
3 kun avval, 19:05
Wi-Fi’ni ixtiro qilgan aktrisa: Hollivud, torpedalar va simsiz aloqa
Fotokollaj: Platina.uz

“Nega tramvaylar harakat qiladi?”: aktrisaning bolalik davri

Hedi Lamarr 1914 yili Avstriyada tavallud topgan. Uning haqiqiy ismi Hedviga Yeva Mariya Kisler edi, ammo AQShdagi aktyorlik faoliyati boshlanganidan soʻng u ismini oʻzgartirishga majbur boʻlgan. Uning otasi bank boshqaruvchisi, onasi esa pianinochi boʻlgan.

Oila moddiy jihatdan yaxshi taʼminlangan boʻlib, qizlariga sanʼatga boʻlgan mehrni shakllantirish imkoniga ega edi. Hedi musiqa va raqs bilan shugʻullangan, shuningdek, texnik fanlarga ham qiziqqan. U besh yoshidayoq musiqiy sandiqchaning mexanizmlarini butunlay buzib, qayta yigʻishni uddalagan. Otasi bilan sayohat qilishganida u muhandislik yechimlari haqida savollar berardi: “Nega tramvaylar harakat qiladi? Elektr energiyasi qayerdan keladi?”. Lekin bu davrda ayollar uchun muhandis yoki olim boʻlish imkoniyatlari juda cheklangan edi.

Hedi Lamarrning birinchi va sharmandali filmi

16 yoshida Hedi ota-onasining uyini tark etib, teatr maktabiga kirdi va kinoga tusha boshladi. Bir necha kinoprobalardan soʻng u chex rejissyori Gustav Maxatining “Ekstaz” filmida bosh rolni oʻynash imkoniyatiga ega boʻldi. Bu film 1933 yili namoyish etilgan va Hedini mashhur qilgan, ammo undagi uyat sahnalar bois qator mamlakatlarda taqiqlangan, hatto Rim Papasi uni qoralab chiqqan.

1933 yili Hedi oʻzidan 30 yosh katta avstriyalik millioner va qurol savdogari Frits Mandelga turmushga chiqdi. Mandel oʻta rashkchi edi va uning har bir harakatini nazorat qilardi. U Hedini filmlarda qatnashishini taqiqlab, oʻzi bilan turli uchrashuvlarga olib yurardi. Hedi bu suhbatlarda omba va torpedalar muhokamasidan goʻyoki zerikib oʻtirar, ammo barcha maʼlumotlarni xotirasiga muhrlab borardi. Ayni shu uchrashuvlar unga torpedalar boshqaruvi haqida tushuncha berdi.

Hedi 1937 yili turmush oʻrtogʻidan qochib, Londonga yoʻl oldi. U yerda Luis Mayer – Metro-Goldwyn-Mayer kinokompaniyasining asoschisi bilan tanishdi. U Hedini oʻz kompaniyasida rol oʻynashga taklif qildi, lekin juda kam maosh taklif etgani uchun Hedi AQShga yoʻl oldi. Tasodifan u bilan bir kemada qaytib kelayotgan Mayer Hedi bilan kelishuvni oʻzgartirishga majbur boʻldi. U Hediga 500 dollar maosh berish va olti oy ichida ingliz tilini oʻrganish sharti bilan shartnoma taklif qildi.

Mayer unga nomini oʻzgartirishni aytdi. Uning ayoli Barbara La Marr nomi bilan mashhur aktrisaning muxlisi boʻlgani uchun Hedi oʻz ismini shu familiyaga oʻzgartirdi va Hedi Lamarrga aylandi.

Hollivuddagi muvaffaqiyat

1938 yili “Jazoir” filmi namoyish etildi va Hedi Lamarr Hollivud yulduziga aylandi. Uning goʻzalligidan hatto Uolt Disney ham ilhomlanib, “Oppogʻoy” multfilmi bosh qahramonini chizgan. Hatto aktyor Jorj Sanders shunday degan: “Hedi Lamarr xonaga kirganida hamma uning goʻzalligidan hayratga tushib jim boʻlib qoladi”.

Biroq Hedi faqat kinoda qolib ketishni istamadi. U oʻzining bolalikdagi qiziqishini eslab, ixtirochilikka qaytdi.

Torpedalar va Wi-Fi: Hedi Lamarr ixtirolari

Hedi aktyorlik faoliyati davomida turli ixtirolar ustida ishladi. U mexanika kitoblarini oʻqib, muhandislik yechimlarini izladi. Uning ishlanmalari orasida salfetka qutisi uchun maxsus mexanizm, qorongʻuda nurlanuvchi it noʻxtasi va gazirovka tayyorlash uchun eritiladigan tabletka bor edi. U bir intervyuda aytgan: “Ixtiro qilish men uchun tabiiy holat, gʻoyalar oʻz-oʻzidan keladi”.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach, Hedi evakuatsiya kemasiga qilingan hujum haqida eshitdi. Kemada 77 bola halok boʻlgan. Bu xabar uni qattiq tashvishga soldi. U sobiq erining harbiy mijozlari bilan qilgan uchrashuvlarini esladi va torpedalar radioboshqaruvidagi muammolarni tushunib yetdi. Agar dushman signalni yoʻq qilsa, torpeda oʻz nishonidan adashib ketar edi. Yaʼni bir kema suvga tashlagan raketacha toʻlqin orqali boshqarilar, agar uning toʻlqin chastotasini dushman sezib qolsa, uni oʻzgartirib, torpeda nazoratdan chetda qolar edi.

Hedi bu gʻoya borasida avangard kompozitor Jorj Anteylga murojaat qildi. U 16 ta mexanik pianinolarni bir vaqtning oʻzida sinxronlashtirish texnologiyasini yaratgan. Ular shu asosda “toʻlqin sakrashi” (frequency hopping) usulini ishlab chiqdilar. Agar torpeda va uning kontrolleri tasodifiy chastotalarda birgalikda harakat qilsa, dushman bu signalga xalaqit bera olmas edi.

Sodda qilib tushuntirganda, oddiy qurilmalarni boshqarishda faqat bitta chastota, masalan, 100 MGs dan foydalanishadi. Dushman darrov bu chastotaga tushib, uni boʻgʻishi yoki torpeda nishonini oʻzgartirib yuborishi mumkin.

Endi tasavvur qilingki, torpeda va boshqaruv pulti baravariga, sinxron ravishda, goh 100, goh 110, 132, 100, 90 MGs kabi tasodifiy (!) chastotalarni tinimsiz almashtirib, “sakrab” yuradi. Buni dushman kuzata olmaydi. Chunki hamma chastotani boʻgʻish yoki xalaqit berish mumkin emas.

Kemadan suvga torpeda tashlanishi. Bu oʻzi harakatlanuvchi kichik raketa-bomba oʻz nishonini taʼqib qilish, toʻlqin orqali boshqarganda nishonni oʻzgartirish va boshqa xususiyatlarga ega.
Suvosti kemasidan torpeda otilishi.

Qisqa qilib aytganda, Hedi bu aloqalarning xavfsizligini taʼminlash yoʻlini topdi. Aslida esa bu texnologiyaga oʻxshash yechimlar bir necha yil avval Nikola Tesla tomonidan ham taklif etilgan, biroq oʻsha paytdagi muhandislik taraqqiyoti bu ixtironi qoʻllash uchun tayyor boʻlmagan.

1942 yili Hedi va Anteyl ushbu texnologiyaga patent olishdi, ammo AQSh harbiylari ham uni “amalga tatbiq etish uchun murakkab” deb qabul qilishmadi. Keyinchalik, 1950-yillarda Sylvania injenerlari ushbu gʻoyani ishlab chiqib, uni suvosti kemalari bilan xavfsiz aloqa uchun qoʻlladilar.

Hedi Kisler Markey nomiga berilgan 2,292,387-patent.

1990-yillar oxirida Wi-Fi, GPS, Bluetooth va GSM kabi texnologiyalarda aynan Hedi Lamarr ishlab chiqqan usullar qoʻllanila boshlandi.

Tan olish va meros

Hedi oʻz ixtirosidan moliyaviy foyda koʻrmagan. Chunki uning pixtirolari patentlari muddati oʻtgach, hayotga tatbiq etilgan. Uni faqat 1997 yili Electronic Frontier Foundation tomonidan Pioneer Award mukofoti bilan taqdirlashdi xolos.

2000 yil 19 yanvarda Hedi Lamarr 85 yoshida vafot etdi. 2005 yildan boshlab Germaniya, Avstriya va Shveysariyada 9 noyabr – uning tavallud kuni – Ixtirochilar kuni sifatida nishonlanadi. 2014 yili Hedi AQShning Milliy ixtirochilar sharaf zaliga kiritildi.

Hollivuddagi “Shuhrat alleyasi”da Hedi Lamarga oʻrnatilgan yulduz.

Shunday qilib, Hedi Lamarr nafaqat goʻzallik timsoli, balki zamonaviy simsiz aloqa texnologiyalariga asos solgan ayol sifatida ham tarixda qoldi.

Abulfayz Sayidasqarov

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+