platina.uz

Myanmadagi ayanchli zilzilada 700 nafarga yaqin kishi halok boʻldi

AQSh Geologiya xizmati yer silkinishlarini Rixter shkalasi boʻyicha 7,7 va 6,4 magnitudada baholadi. 

Jahon
4 kun avval, 9:36
Myanmadagi ayanchli zilzilada 700 nafarga yaqin kishi halok boʻldi

Myanmadagi kuchli zilzila oqibatida kamida 694 kishi halok boʻldi, 1670 kishi jarohatlandi, deb xabar bermoqda AFP agentligi mamlakat harbiy maʼmuriyatiga asoslanib.

Qutqaruv ishlari davomli zilzilalarga qaramay tun boʻyi davom etdi.

28 mart, juma kuni Myanmada Rixter shkalasi boʻyicha 7,7 va 6,4 magnitudali zilzilalar sodir boʻldi, deb xabar berdi AQSh Geologiya xizmati. Bangkokda qurilayotgan osmonoʻpar bino quladi, koʻplab binolarga zarar yetdi. Tailandning oʻzida oʻndan oshiq kishi oʻlgani aytilmoqda.

Myanma hukumati xalqaro hamjamiyatni zilzila oqibatlarini bartaraf etishda yordam berishga chaqirdi. Xitoy va Rossiya Myanmaga allaqachon qutqaruvchilar va shifokorlarni yuborgan.

Zilzila epitsentri Sagaing shahridan 16 km shimoli-gʻarbda joylashgan. Yerosti silkinishlari Tailand poytaxti Bangkok va Myanma bilan chegaradosh Xitoyning Yunnan va Guansi provinsiyalarida ham sezilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda Bangkokdan osmonoʻpar binolarning chayqalayotgani va tomlaridagi hovuzlardan suv toʻkilayotgani aks etgan videolar paydo boʻldi.

Shaharda qurilayotgan koʻp qavatli bino ham qulab tushdi. Natijada, rasmiylarga koʻra, dastlab kamida uch kishi halok boʻlgan va 50 kishi jarohatlangan. Vayronalar ostida 81 kishi qolib ketgan.

Myanmaning eng yirik shaharlaridan biri Mandalayda bir qancha binolar qulab tushdi, deya xabar bermoqda Reuters.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+