Mirziyoyev Olmaotada Qozogʻiston prezidenti bilan norasmiy uchrashuv oʻtkazdi
Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi boʻyicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 29 mart kuni Olmaota shahrida norasmiy uchrashuv oʻtkazdilar.
Ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida Oʻzbekiston-Qozogʻiston yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini izchil mustahkamlash masalalari atroflicha koʻrib chiqildi.
Suhbat avvalida davlat rahbarlari bir-birini hamda qardosh xalqlarimizni bahor ayyomi Navroʻz va yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan samimiy qutladilar.
Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik yuksak darajaga koʻtarilgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Barcha darajalarda faol muloqotlar olib borilmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmi yil boshidan buyon 14 foizga oshdi, umumiy qiymati 4 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalari portfeli shakllantirildi, yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanmoqda.
Davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Qozogʻiston Bosh vazirlari oʻrinbosarlarining oʻzaro savdoni koʻpaytirish, mashinasozlik, elektrotexnika, neft-gaz, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda yetakchi korxonalarning kooperatsiya loyihalarini ilgari surish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi hisobotlarini tingladilar.
Prezidentlar sanoat kooperatsiyasi boʻyicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish, mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni jadallashtirish yuzasidan aniq topshiriqlar berdilar.
Joriy yilda Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlarni boshlash, qoʻshma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi, shu jumladan yaqin oylarda Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo sammitlariga tayyorgarlik yuzasidan fikr almashildi.
Boʻlajak ikki va koʻp tomonlama tadbirlar rejasi ham koʻrib chiqildi.
Uchrashuv har doimgidek doʻstona va ishchan ruhda oʻtdi.