Har 18 oyda Orol madaniyat sammiti oʻtkaziladi
Birinchi sammit Samarqand iqlim forumi bilan uygʻun holda 4-6 aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.

2025 yildan boshlab har oʻn sakkiz oyda – bahor yoki kuz fasllarida Orol madaniyat sammiti oʻtkaziladi.
Sammitni oʻtkazish boʻyicha prezident qarori eʼlon qilindi.
Ushbu tashabbus Orolboʻyi mintaqasida qulay tabiiy muhit yaratish, hududning noyob madaniyati va tarixiy merosini asrab-avaylash hamda keng ommalashtirish, ushbu yoʻnalishlarda ilmiy-tadqiqot ishlari, innovatsion loyihalar va ijodiy tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro hamkorlik va muloqotni yanada kengaytirish maqsadida ilgari surilgan.
Birinchi Orol madaniyat sammiti Samarqand iqlim forumi bilan uygʻun holda 2025 yil 4-6 aprel kunlari Samarqand va Nukus shaharlarida tashkil etiladi.
Sammitning asosiy maqsad va yoʻnalishlari:
a) Orolboʻyida va dunyoning boshqa mintaqalarida yuzaga kelgan ekologik muammolarni muhokama qilish hamda oqilona yechimlarni taqdim etish uchun global platforma yaratish;
b) Orolboʻyi muammolarini hal etishda fanlararo yondashuvni rivojlantirish;
v) barqaror yechimlar va strategiyalar yaratishga qaratilgan taʼlim dasturi asosida Orol maktabini tashkil etish;
g) zamonaviy texnologiyalar va anʼanaviy meʼmorchilik asosida “Istiqlol” madaniyat va istirohat bogʻi, bogʻ hududida joylashgan bolalar kutubxonasini qayta barpo etish hamda ulardan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyish;
d) yetakchi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda tashkilotlar bilan hamkorlikda Orolboʻyi mintaqasida suv va tuproq tadqiqotlari olib borish;
ye) Orolboʻyi hududining tuproq va iqlim sharoitiga mos boʻlgan qishloq xoʻjaligi ekinlarini oʻrganishga ixtisoslashgan laboratoriya platformasini yaratish hamda uni mazkur yoʻnalishda amalga oshiriladigan ilmiy tadqiqotlarning oʻquv-amaliyot maydoniga aylantirish;
j) Orolboʻyi mintaqasida asrlar davomida shakllangan noyob madaniyat va anʼanalarni saqlash, himoya qilish va keng ommalashtirish;
z) xalqaro miqyosda doimiy muloqotlar, amaliyotlar, seminarlar, tadqiqot dasturlarini tashkil etish.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan Sammitning moliyalashtirish manbalari belgilanadi hamda xarajatlar smetasi tasdiqlanadi.