platina.uz

Xalqaro olimpiada gʻoliblariga 1 mlrd soʻmgacha mukofot beriladi

Yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million soʻmgacha grantlar ajratiladi. 

Jamiyat
4 kun avval, 18:47
Xalqaro olimpiada gʻoliblariga 1 mlrd soʻmgacha mukofot beriladi

Prezident farmoniga koʻra, 2025 yil 1 iyundan nufuzli xalqaro fan olimpiadalari gʻolib va sovrindorlariga toʻlanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

Masalan, endi eng nufuzli 5 ta olimpiadada (IMO — matematika, IBO— biologiya, ICHO — kimyo, IPHO — fizika, IOI — informatika) gʻolib va sovrindor boʻlgan oʻquvchilarga quyidagicha mukofot pullari beriladi:

1-oʻrin: 937 mln 500 ming soʻm (2500 baravar);

2-oʻrin: 562 mln 500 ming soʻm (1500 baravar);

3-oʻrin: 375 mln soʻm (1000 baravar).

“Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi Prezident Farmoni (PF-61-son, 26.03.2025 y.) qabul qilindi.

Farmonga koʻra, kreativ industriya parki hududlarda uning filiallari hamda ularda kreativ soha vakillarini oʻqitadigan biznes maktablari tashkil etiladi.

2025 yil 1 maydan 2031 yil 1 yanvargacha kreativ park rezidentlariga quyidagi soliq imtiyozlari joriy etiladi:

- ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻini 50 foiz kamaytirilgan stavkada toʻlaydi;

-tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizasiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq toʻlovchilar toifasiga kiritiladi.

Bunda ular oʻz istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga oʻtishlari mumkin.

Bundan tashqari, xorijiy tillar boʻyicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga 2 yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan oʻquv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.

2025/2026 oʻquv yilidan:

-oliy harbiy taʼlim muassasalarining namunali kursantlari (talabalari) va tinglovchilari uchun “Oliy bosh qoʻmondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi;

-oʻquvchilar oʻrtasida muhandislik-ixtirochilik yoʻnalishida olimpiadalar oʻtkazish yoʻlga qoʻyiladi.

Bunda gʻolib boʻlgan bitiruvchi yoshlar davlat oliy taʼlim muassasalarining olimpiada yoʻnalishiga mos va turdosh taʼlim yoʻnalishlariga imtihonlarsiz qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinadi.

Bundan tashqari, yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi, tarbiyaviy ahamiyatga ega va umummilliy qadriyatlarni shakllantirishga xizmat qiluvchi milliy mediakontentlar yaratish hamda eng yaxshi intellektual shoularni tashkil etish uchun 100 million soʻmgacha grantlar ajratiladi.

Shuningdek, yoshlarda tabiatga muhabbat hissini uygʻotish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash uchun Yoshlar ishlari agentligi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan “Yashil tashabbuslar”ni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etiladi. Mazkur jamgʻarma 10 milliard soʻmgacha miqdorda shakllantiriladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+