Qarshida soliq inspektori pora bilan qoʻlga tushdi
U mahalliy dorixonaga qoʻllanilgan soliq qarzdorligini sud organlaridagi tanishlari orqali bartaraf etishga vaʼda qilgan.

DXX tomonidan soliq xodimi va MChJ rahbarining noqonuniy harakatlariga chek qoʻyildi.
Qarshi shahar Soliq inspeksiyasining soliq maʼmurchiligi shoʻʼbasi bosh inspektori oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, 2 ta dorixona rahbarining ishonchiga kirgan.
Unga nisbatan qoʻllanilgan 150 mln. soʻm miqdoridagi soliq qarzdorligini sud organlaridagi tanishlari orqali bartaraf qilib berish evaziga 50 mln. soʻm talab qiladi.
Lekin, DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan pul mablagʻidan 10 mln. 400 ming soʻm olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Qarshi shahrida kuzatilgan boshqa holatda esa, mahalliy MChJ rahbari mansabdor tanishlari orqali transport vositalarini taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish bilan shugʻullanuvchi MChJga bankdan 1 mlrd. 500 mln. soʻm kredit olib berish evaziga, uning rahbaridan 84 mln. soʻm olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan qonunbuzarlarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.