platina.uz

Boʻstonliqda 8 kishiga tegishli yerni 1 mln dollardan oshiqqa pullamoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

Bundan tashqari u mansabdor tanishlari orqali yer maydonini turar joy toifasiga oʻtkazib,  koʻp qavatli uy qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 10 ming dollar talab qiladi.

Jamiyat
5 kun avval, 11:28
Boʻstonliqda 8 kishiga tegishli yerni 1 mln dollardan oshiqqa pullamoqchi boʻlgan shaxs ushlandi

Boʻstonliq tumanida juda katta pul evaziga yer maydonlarini noqonuniy sotish holatlari aniqlandi.

DXX Toshkent viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgan. Unda Boʻstonliq tumanida yashovchi, 1980 va 1988 yillarda tugʻilgan 2 nafar shaxs oʻzaro kelishgan holda, mazkur tuman hokimligi tomonidan bogʻdorchilik va uzumchilikka ixtisoslashgan shirkatning 2 nafar aʼzosiga dala hovli qurish maqsadida ajratib berilgan 20 sotix yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 230 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, oʻzini goʻyoki ushbu yer uchastkasining egasi deb tanishtirgan, 1964 y.t. fuqaro ham yer maydonini xaridor nomiga oʻtkazib berish evaziga ushbu 230 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Boʻstonliq tumanida qayd etilgan yana bir holatda, 1996 y.t. shaxs oʻzining qarindoshiga tuman hokimligining 2008 yildagi qaroriga asosan Chirchiq daryosining muhofaza zonasidan obodonlashtirish hamda qayiqlar toʻxtash joyi barpo etish uchun ajratib berilgan 36 sotix yer maydonini 150 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, shuningdek, kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qilib, jami 160 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Boshqa holatda esa Toshkent shahrida yashovchi, 1992 y.t. shaxs oʻzganing ishonchiga kirib, unga Boʻstonliq tumanida joylashgan va 8 nafar fuqaroga tegishli boʻlgan 72,6 sotix noturar yer maydonining har bir sotixini 14.900 AQSh dollaridan hisoblab, jami 1 mln. 81 ming 740 AQSh dollariga sotishga kelishishadi.

Shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ushbu yer maydonini turar joy toifasiga oʻtkazib, u yerda koʻp qavatli uy qurish uchun ruxsat olib berish evaziga 10 ming AQSh dollari talab qiladi.

Ammo, Davlat xavfsizlik xizmati, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u oldindan 110 ming AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+