platina.uz

Xususiylashtirish boʻyicha 2025 yilgi maqsadlar belgilandi

30 trillion soʻmlik davlat mulkini sotib, byudjetga kamida 10 trillion soʻm tushumni taʼminlash reja qilinmoqda. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi.

Iqtisod
6 kun avval, 16:26
Xususiylashtirish boʻyicha 2025 yilgi maqsadlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 mart kuni davlat mulkini xususiylashtirish boʻyicha joriy yilgi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan kengaytirilgan yigʻilish oʻtkazdi.

Tadbirkorlikni rivojlantirish, yer va inshootlardan samarali foydalanish maqsadida xususiylashtirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar qilinmoqda. 2021-2024 yillarda 47 trillion soʻmlik davlat aktivlari sotilgan. Bu – oldingi oʻn yillikdagi koʻrsatkichdan 30 karra koʻp.

Bular hisobiga davlat ishtirokidagi korxonalar soni 2 karra qisqardi, iqtisodiyotda davlat ulushi 13 foizga kamaydi. Xususiylashgan mulk samaradorligi ham bir necha barobar oshdi.

Oldinlari, asosan, kichik korxona va obʼektlar sotilgan boʻlsa, endilikda yirik davlat aktivlari ham sotuvga chiqarilmoqda. Jumladan, Qoʻngʻirot soda zavodi, “Foton”, “Temiryoʻlkonteyner” kabi yirik korxonalar, “International” va “Lotte” mehmonxonalari xususiylashtirildi.

Oʻtgan yili noyabrda ilk bor “xalq IPO”si boʻyicha Tovar-xomashyo birjasining 3 milliondan ortiq aksiyasi aholiga sotildi, 11 ming odam aksiyadorga aylandi.

Lekin hali tizimda kamchiliklar, hududlar va tarmoqlarda foydalanilmayotgan imkoniyatlar koʻp. Boʻsh turgan joylarni iqtisodiy aktivga aylantirish, auksionga qoʻyilgan tayyor binolarni sotishda sustkashliklar bor.

Masalan, hududning ixtisoslashuvi, kommunikatsiya oʻtkazish imkoniyati oʻrganilmasdan auksionga chiqarilgan 1,5 ming gektar yer 1 yildan ortiq sotilmagan. 4 mingta yer uchastkasini auksionga chiqarishda kelishish jarayonlari kechikkan. Vazirlar va hokimlar oʻtgan yili sotilishi kerak boʻlgan 243 ta mulkni Davlat aktivlari agentligiga oʻtkazib bermagan.

Yirik davlat korxonalarida ham ishlar jadal emas. “Avtosanoat”, “Kimyosanoat”, “Metallurgiya kombinati”, “Oʻzbekneftgaz” kabi 22 ta korxona haligacha xalqaro moliyaviy hisobot yuritishga oʻtmagan. “Oʻzbekiston pochtasi”, “Uzbekistan Airports”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” haligacha kredit reytingi olmagan.

Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda bu kabi masalalarni hal etib, ishlarni jadallashtirish zarurligi koʻrsatib oʻtildi. Xususiylashtirish sohasidagi 2025 yilgi maqsadlar belgilab olindi. Jumladan:

- 30 trillion soʻmlik davlat mulkini sotib, byudjetga kamida 10 trillion soʻm tushumni taʼminlash;

- 116 ta korxonadagi davlat ulushini va 581 ta koʻchmas mulk obʼektini sotuvga chiqarish;

- 6,1 ming gektar yerni auksionga qoʻyib, sotish hajmini 6 trillion soʻmga yetkazish;

- kamida 300 ta kon va maydonni tashabbuskorlarga taklif etib, 500 milliard soʻm tushum tushirish.

Bularning natijasida iqtisodiyotga qoʻshimcha investitsiyalar kirib kelib, tadbirkorlikka imkoniyat kengayadi, minglab ish oʻrinlari paydo boʻladi.

Yigʻilishda bu maqsadlarga erishish uchun bir qator yengilliklar berilishi eʼlon qilindi.

Endi tadbirkorlar kamida besh yil ijarada foydalangan davlat mulkini toʻgʻridan-toʻgʻri oʻzi sotib olishi mumkin boʻladi. Bugungi kunda 632 ta shunday obʼekt bor. Ushbu mulklarni ijarachilarning oʻziga sotish orqali kamida 2 trillion soʻm tushum qilish mumkin.

Paxtasanoatning sotilmay qolgan 131 ta aktivlarini boshlangʻich bahosi 50 foizgacha pasaytirilib, auksionga chiqariladi. Bunda, tadbirkorlarga toʻlovlarni uch yilgacha boʻlib toʻlash imkoniyati beriladi.

Hozirda respublikadagi 537 ta bozor va savdo majmualarining kamida 51 foiz ulushi mahalliy hokimliklarga tegishli. Endi bu tartib ham oʻzgaradi. Bozorlarda mahalliy hokimlikning majburiy ishtirok etishi toʻgʻrisidagi talab bekor qilinadi. Bu ham tadbirkorlar uchun qoʻshimcha imkoniyat boʻladi.

Yer maydonlarini sotish boʻyicha ham imkoniyatlar kengaytiriladi. Masalan, auksionda uzoq vaqtdan buyon sotilmay turgan, maydoni kichik boʻlgan yonma-yon joylashgan yer uchastkalari birlashtirilib, qayta auksionga chiqariladi.

Davlat aktivlaridan samarali foydalanib, mahalliy byudjetga tushumni koʻpaytirish boʻyicha yaxshi tajribalar ham bor. Misol uchun, Toshkent shahrida munitsipal toifadagi joylar xatlov qilinib, elektron bazasi yaratildi. 102 ta samarasiz bino hamda 97 gektar boʻsh yer aniqlanib, auksionga chiqarish boshlandi. Oʻtgan yili bino-inshootlar ostidagi 118 gektar yer uchastkalarini xususiylashtirishdan 60 milliard soʻm tushum boʻldi. Bu – 2022 yilga nisbatan 5 karra koʻp degani.

Endi ushbu tajriba barcha viloyat markazlarida, keyingi yil tumanlarda joriy qilinadi.

Sohadagi yana bir muhim masala – davlat ishtirokidagi korxonalarni xalqaro bozorga olib chiqish. Bugungacha ushbu tizim oʻzini oqlagan va samarasini bergan. Xalqaro tashkilotlar ham buni eʼtirof etayapti.

Mutasaddilarga ekspertlarni jalb qilgan holda bu jarayonlarni davom ettirish vazifasi qoʻyildi. Bu yil xalqaro bozorlarda yana 28 ta, keyingi yil 10 ta yirik korxona aksiyalari ommaviy savdoga chiqarilishi belgilandi.

Bosh vazirga bu boʻyicha “yoʻl xaritasi” tasdiqlab, ijrosini har oyda muhokama qilib borish topshirildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan maslalar yuzasidan vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+