Qoraqalpogʻistonda taʼlim boʻlimi rahbari qoʻlga olindi
U boshqa bir shaxsni maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari etib tayinlanishida yordam berish evaziga 15 mln soʻm talab qilgan.

Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida ayrim mansabdorlar ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda shahar IIBB bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazilgaan.
Unda Olmazor tumanidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroning ishonchiga kirib, unga mansabdor tanishlari orqali Shayxontohur tumanida joylashgan 4 ta umumtaʼlim maktabining futbol maydonlarini auksion orqali ijaraga olib berish evaziga 8500 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda MTT rahbariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Boshqa holatda esa Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi tumanlardan birining maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi boshligʻi oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, mazkur boʻlim bosh mutaxassisi bilan oʻzaro til biriktirgan holda, maktabda faoliyat yurituvchi oʻqituvchini tumandagi maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbari lavozimiga tayinlanishida yordam berish evaziga undan 15 mln. soʻm talab qilgan. U ushbu pul mablagʻini bosh mutaxassis orqali olgan vaqtida DXX, IJQKD va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.