"Garov" filmi: qahramonlik, muhabbat va adrenalinga yoʻgʻrilgan drama
Platina.uz muxbiri ushbu film premerasida qatnashib, uning ilk tomoshabinlaridan biri bӯldi.
Bugun poytaxtimizdagi Oʻzbekiston Milliy kino sanʼati saroyida “Garov” filmining yopiq premerasi boʻlib oʻtdi. Mudofaa vazirligi, Milliy Gvardiya va “Biz Media” platformasi hamkorligida yaratilgan ushbu badiiy filmning ilk namoyishida harbiy xizmatchilar, harbiy ӯquv yurtlart kursantlari va kinosanʼatkor va aktyorlar ishtirok etishdi.
Platina.uz muxbiri ham ushbu film premerasida qatnashib, uning ilk tomoshabinlaridan biri bӯldi.
Film nima haqda?
Jangari filmlarning ham oʻz muxlislari bor. Qalbidagi gʻayrati va mardligi joʻsh urib turadigan tomoshabin jangari va harbiy mavzudagi filmlarni koʻrib, oʻziga xos zavq va dam oladi. Sarguzasht, avantyura va adrenalinga boʻlgan ehtiyojini bir qadar qondiradi.
Afsuski, oxirgi yillarda Oʻzbekiston kinobozorida bu janrda mahorat bilan ishlangan durustroq filmlarni sanab berish qiyin. Chunki bu yoʻnalishdagi filmlarni yaratish uchun nafaqat kuchli va mantiq-maʼnosi mukammal syujetga asoslangan ssenariy, balki jiddiy moddiy-texnik tayyorgarlik, shuningdek, tajribali aktyor, kaskadyor va konsultantlar jamoasi ham talab etiladi. Shu sababdan boʻlsa kerak, mamlakatimiz kinosahnalarida taklif etilayotgan, bu janr ixlosmandlarining koʻngliga mos kelishi mumkin boʻlgan kinomahsulotlarning deyarli barchasi xorijniki - Gollivud-u-Bollivudniki. Ular ham faqat rus tilida namoyish etilmoqda.
Lekin vaziyatni toʻgʻri anglagan bir guruh ijodkorlar jamoasi tomoshabinlarimizning haqli talablariga munosib javob berishning uddasidan chiqishdi. Davlat byudjetiga yuk boʻlmaslik uchun jamoa ijodkorlarining shaxsiy mablagʻlari asosida film suratga olib, ana shu boʻshliqni toʻldirishga muvaffaq boʻlishdi. Ular yaratgan “Garov” filmida mazkur janrning eng yorqin yutuqlari hamda yuksak vatanparvarlik, muhabbat va burch tushunchalari samarali tarzda uygʻunlashgan.
Ogʻir tanlov: vatan va oila
Har bir inson hayotida tanlovlar qilishiga toʻgʻri keladi. Bu tanlovlar baʼzan uning kelajagini belgilab beradi. “Garov” filmida aynan shunday qismat chiziqlari kesishgan qahramonlarning yurakni larzaga soluvchi hikoyasi aks etgan.
Filmning markazida turli hayotiy muammolar ichida yashaydigan qahramonlar bor. Tohir (maxalla raisi), Saodat (xotin-qizlar faoli) va Iqbol (uchastka inspektori) oʻzlarining jonkuyar faoliyatlari orqali mahallaning tinchligi va ahilligini saqlashga intilgan shaxslar sifatida aks ettirilgan. Bundan tashqari, filmda yoshlarning hayoti va qarashlariga ham alohida eʼtibor qaratilgan.
Filmda ikki doʻst — Arslon va Bunyod oʻrtasidagi qarama-qarshilik muhim oʻrin tutadi. Birining harbiylikka boʻlgan qiziqishi, ikkinchisining esa bu kasbga befarqligi hatto masxaraomuz munosabati orqali yoshlardagi dunyoqarshning farqli qirralari namoyon etiladi. Ayni paytda film armiya hayotining shiddatli va mashaqqatli jihatlarini ham ochib beradi.
Arslon harbiy xizmatni orzu qiladi, u yurt himoyasi uchun bor imkoniyatlarini ishga solishga tayyor. Ammo Bunyod buni ahamiyatsiz narsa deb hisoblaydi. Uning befarqligi, bir qarashda, uning oʻz yoʻliga ega inson ekanligini koʻrsatgandek tuyulishi mumkin. Biroq real hayot uning qarashlarini qanday sinovdan oʻtkazishini kuzatish tomoshabinga oʻzgacha maroq bagʻishlaydi.
Shu bilan birgan, filmda podpolkovnik Jalilov, mayor Xoʻjamberdiyev va leytenant Toʻxtayev kabi harbiylar orqali yurt himoyasida sobit turgan, vatan xavfsizligi yoʻlida xizmat qilayotganlarning jasorati tasvirlanadi.
Dramatik keskinlik: garovga olinganlar va jinoyatchilar oʻrtasidagi ziddiyat
Yaxshi odamlar bor joyda, afsuski, yomon niyatli shaxslar ham uchraydi. Aslida, filmning asosiy dramatik oʻqi podpolkovnik Jalilov va jinoiy guruh boshligʻi Akmal oʻrtasidagi qarama-qarshilik orqali shakllanadi. Akmal oʻz oʻgʻlini qamoqdan ozod qilishlariga erishish uchun zobit Jalilovning qizi Asalni va bir nechta mahalla ahlini garovga oladi. Harbiy zobit Jalilov qalbidagi ogʻir tanlov va tuygʻulariga qaramasdan, oʻz burchiga xiyonat qilmaydi va bosqinchilarga qarshi aqlli reja ishlab chiqadi. U bu ziddiyatdan yutuq bilan chiqqan holda, oʻz jasoratini namoyon etadi. Antagonist qahramon Akmalning qoʻlidagi qurol va tahdidlar zobitni sindirish oʻrniga, uning jasoratini yanada charxlaydi. Nihoyat, qishloq chetida kechgan shiddatli qurolli toʻqnashuv harbiylarning jangovar mahoratlarini va ularning qay darajada aniq va sovuqqon harakat qilishini koʻrsatadi. Bu voqealar qatʼiylik va jasorat insonni qanday oʻzgartira olishini namoyon qiladi.
Shu boisdan, ishonch bilan aytish mumkinki, mazkur film faqat jang haqida emas. Bu film vatan va oila, burch va muhabbat, iroda va jasorat toʻqnashgan oʻziga xos maʼnaviy maydonni aks ettiradi. Harbiylikka befarq boʻlgan yosh yigit Bunyod boshidan oʻtkazgan voqealar oqibatida oʻz fikrini oʻzgartiradi va vatan himoyachisi boʻlish istiqboliga havas bilan qaray boshlaydi.
Texnik ijro va aktyorlik mahorati
Film vizual jihatdan ham yuqori saviyada suratga olingan. Postanovkachi operator Elmurod Yoʻldoshev kamera harakatlari orqali realizm va ekshn-shiddatni tasvirlashda ustalik namoyish qilgan. Harbiy sahnalar dinamikasi filmga kuchli taʼsir qoʻshadi, ayniqsa, qurolli toʻqnashuvlar mukammal suratga olingan.
Filmda bosh rollarni ijro etgan aktyorlar oʻz obrazlarini ishonchli va taʼsirli tarzda namoyon etganlar.
Xususan, Tohir Saidov, Bobur Yoʻldoshev va Miravaz Solixov kabi aktyorlar oʻz qahramonlarining ichki kechinmalari va tuygʻularini yuksak mahorat bilan aks ettirishgan.
Ular oʻz qahramonlarini jonli va ishonarli tasvirlashga muvaffaq boʻlishgan. Ishonchimiz komilki, ular aks ettirgan har bir nigoh, har bir harakat tomoshabinga taʼsir qila oladi, ularni filmdagi hayotga yanada chuqurroq shoʻngʻitadi.
Eng muhimi, filmning asosiy muhiti dramatik keskinlik va xarakterlar oʻrtasidagi qarama-qarshiliklar bilan boyitilgan. Tasvirlangan voqealar realistik va taʼsirli tarzda yoritilgani sababli, tomoshabin syujetni qiziqish bilan kuzatishda davom etadi.
“Garov” fadiiy film janridagi katta ustunliklardan biri – uning shiddatli va haqiqiy jang sahnalari hisoblanadi. Harbiylik va jinoiy olam oʻrtasidagi toʻqnashuvlar rejissyor tomonidan aniq, detallarga eʼtibor berilgan holda suratga olingan. Qurolli toʻqnashuv hamda otishmalar, qoʻl jangi va shiddatli quvish sahnalari filmning dinamikasiga katta hissa qoʻshgan.
Filmning yana bir muhim jihati – unda vatanparvarlik ruhi kuchli yoritilgan. Qahramonlarning jasorati, burchga sadoqati va vatan himoyasiga boʻlgan munosabati tomoshabinni ruhlantiradi va ijobiy hissiyotlar uygʻotadi. “Garov”ga oʻxshagan kinoasarlar nafaqat kattalar, balki yosh avlod uchun ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Shunchaki jangari film emas!
Umuman olganda, “Garov” nafaqat harbiy va jinoiy janrdagi film, balki inson qalbidagi burch, jasorat va muhabbatni oʻrganuvchi dramatik asardir. Mazkur film nafaqat jangovar sahnalarga boy, balki chuqur maʼnoga ega badiiy asar hamdir. Unda vatanga sadoqat, burchga ehtirom va jasorat mavzulari muvaffaqiyatli yoritilgan. Dinamik voqealar, kuchli hissiy keskinlik va taʼsirli aktyorlik ijrosi “Garov” filmini alohida ajralib turadigan asarga aylantiradi, filmning nafaqat tomoshabop va kassabop, balki tarbiyaviy va maʼnaviy jihatdan ham muhim ekanligini tasdiqlaydi.
Ushbu kartina tomoshabinlarga oʻz hayotiy qarashlarini qayta baholash, vatanparvarlik va jasorat tushunchalarini anglashga turtki beradi. Hech shubhasiz, vatan himoyachilariga boʻlgan hurmat. fidoyilik hamda vatanparvarlik ruhini shakllantirishda bu kabi filmlarning ahamiyati katta.
Agar siz nafaqat jangovor va ekshn sahnalar, balki inson ruhiyati borasida oʻyga toldiradigan kinokartinalarni ham xush koʻrsangiz, unda “Garov” filmi aynan siz uchun! Ketgan vaqtingizga achinmaysiz.
Abulfayz Sayidasqarov