platina.uz

Elektr va tabiiy gazni tejashning yangi yoʻllari joriy etiladi

Koʻchalarni yoritishga ham yiliga 200 million kilovatt elektr sarflanayapti. Quyosh panelli chiroqlar oʻrnatilsa, isteʼmol 2 karra kamayishi mumkin. Shuningdek, boʻlajak Toshkent-Samarqand yoʻli haqida ham maʼlumot berildi.  

Jamiyat
6 kun avval, 9:25
Elektr va tabiiy gazni tejashning yangi yoʻllari joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 26 mart kuni energiya resurslarini iqtisod qilish, isteʼmol samaradorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi.

Energiya resurslarining eng koʻp sarfi, avvalo, iqtisodiyot tarmoqlariga toʻgʻri keladi. Eski davrlarda qurilgan zavodlar ekologiya va energiya samaradorlik talablariga javob bermagan. Yillar davomida modernizatsiyaga yetarli eʼtibor berilmagan. Baʼzi joylarda elektr va gaz kunlab boʻlmagan. Sanoat korxonalarida isteʼmol va yoʻqotishlar koʻp boʻlgan.

Shu bois soʻnggi yillarda iqtisodiyot sohalari energiya samaradorlik jihatidan yangilanmoqda. Yirik korxonalar va energetika tarmoqlari kesimida alohida dastur amalga oshirilmoqda.

2030 yilga borib, mamlakatimiz aholisi 41 millionga yetishi, iqtisodiyot 2 karra oʻsishi kutilayapti. Bu energiya resurslariga boʻlgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi. Shuning uchun yangi loyihalarni ishga tushirib, quvvatni koʻpaytirish bilan birga energiyani tejash choralarini koʻrish zarur.

Yigʻilishda mutasaddilar shu boradagi ishlar va kelgusi rejalar toʻgʻrisida axborot berdi.

Prezident koʻrsatmasiga muvofiq, oʻtgan yilgi tajribani davom ettirib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar ishtirokida ilmiy asosda oʻrganilmoqda. Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi oʻrganishlarda 870 million kilovatt soat elektr va 420 million kub metr gazni iqtisod qilishning yangi imkoniyatlari aniqlandi. Masalan, bu viloyatlardagi kichik va oʻrta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni tejamkoriga almashtirib, yiliga 385 million kilovatt soat elektr va 50 million kub metr gaz tejash mumkin.

Tuman va mahallarda energiyani iqtisod qilish boʻyicha imkoniyatlar juda koʻp. Masalan, 300 ta mahallada 100 megavattli kichik quyosh stansiyalari barpo qilib, shu yilning oʻzida 45 million kub metr gaz tejasa boʻladi. Bundan tashqari, kanal va soylarda quriladigan mingdan ziyod mikro GESlar hisobiga qoʻshimcha 175 million kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi.

Koʻchalarni yoritishga ham yiliga 200 million kilovatt elektr sarflanayapti. Quyosh panelli chiroqlar oʻrnatilsa, isteʼmol 2 karra kamayadi.

Shu kabi imkoniyatlar hisobidan, bu yil 1,1 milliard kub metr tabiiy gaz va 2,6 milliard kilovatt soat elektrni iqtisod qilish boʻyicha qoʻshimcha reja olindi.

Davlatimiz rahbari, birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar oʻrnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini taʼkidladi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirildi.

Ishxonalar va uy-joylarda energiyani tejash madaniyatini oshirish ham muhim. Elektr va gazni behudaga yoqib qoʻymaslik, quyosh panellari va boshqa muqobil manbalardan foydalanish ham ancha hajmni tejaydi.

Fargʻona vodiysi viloyatlarida aholi zich joylashganini hisobga olib, ularni energiya bilan taʼminlashda alohida yondashuv ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi. Bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etilishi koʻzda tutilmoqda.

Davlat rahbariga shuningdek, avtomobil yoʻllari qurish loyihalarining borishi toʻgʻrisida axborot berildi.

Mamlakatimizda jami 184 ming kilometrdan ziyod avtomobil yoʻli bor. Tahlillarga koʻra, xalqaro ahamiyatga ega yoʻllarimizning 25 foizi katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga moʻljallangan “Toshkent – Samarqand” yoʻlida 45 mingta transport qatnayapti. Tirbandlik sababli baʼzan bunga 6 soatgacha vaqt ketayapti. 2030 yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.

Oʻzbekiston Prezidentining 2023 yil 10 oktabrdagi qarorida zamonaviy avtomobil yoʻllarini tashkil etish istiqbollari belgilangan edi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad, birinchi navbatda, aholiga qulayliklar yaratish, milliy iqtisodiyotda logistika zanjirlarini mustahkamlashdir.

Mazkur qarorga muvofiq, Toshkentdan Samarqandga va Andijonga eltuvchi muqobil yoʻllar qurish ustida ish olib borilmoqda. Jumladan, Jahon banki ishtirokida “Toshkent – Andijon” yoʻli loyihalashtirildi. Yanvarda uni qurish boʻyicha xalqaro tender eʼlon qilindi. Qisqa vaqtda unga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi.

Umumiy uzunligi 314 kilometr boʻlgan bu tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqaradi. Shuningdek, bu yalpi ichki mahsulotni 2,6 foizga oshirib, avtohalokatlarni 40 foizga kamaytirish imkonini beradi.

Yana bir loyiha Toshkent bilan Samarqandni bogʻlovchi qoʻshimcha yoʻl qurishga qaratilgan. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Bu yangi yoʻlning uzunligi 300 kilometr atrofida boʻladi.

Uning natijasida Toshkent bilan Samarqand oʻrtasida qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Hozirgi mavjud yoʻlda tirbandlik ancha kamayadi.

Umuman, bu yangi yoʻllar barcha zamonaviy talablarga javob beradigan, muqobil va qulay boʻladi. Ularda haydovchi va yoʻlovchilar uchun turli pullik xizmatlar yoʻlga qoʻyiladi. Bunyodkorlik jarayonida mahalliy qurilish korxonalari ham qatnashishi mumkin boʻladi.

Transport vaziri mazkur loyihalar holati boʻyicha taqdimot qildi. Geodeziya ishlarini jadallashtirib, yoʻllar hududini tayyorlash, qurilishga mablagʻ va pudratchilarni jalb qilish masalalari koʻrib chiqildi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+