platina.uz
Jamiyat

"Yagona buyurtmachi xizmati" nazoratchisi bilan til biriktirgan tadbirkorga hukm oʻqildi

Ular maktab qurilishi va taʼmirlash uchun ajratilgan pullarni oʻzlashtirib yuborgan. 

"Yagona buyurtmachi xizmati" nazoratchisi bilan til biriktirgan tadbirkorga hukm oʻqildi

Andijonda koʻp milliardlik loyihalar ortidan katta pul talon-toroj qilgan shaxslarga hukm oʻqildi. 2025 yil 4 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Andijon tuman sudida mazkur ish koʻrib chiqildi. Sud ishi nusxasi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, A.A. "Xo`jaobod texnologik transport boshqarmasi” AJ rahbari lavozimida ishlab kelib, mansabdor shaxs boʻlgani holda mansab mavqeidan foydalangan. U ayblilik masalasi hal qilinmay tugatilgan shaxs bilan oldindan til biriktirgan. Ular Marhamat tumandagi Oybek va Shoʻrqaqir MFY hududidagi elektr tarmoqlarini qayta qurish boʻyicha tuzilgan 6.495.818.375 soʻmlik pudrat shartnomasiga asosan ishlar toʻliq bajarilgani yuzasidan rasmiy hujjatlarga bila turib soxta yozuv va maʼlumotlar kiritishgan va amalda bajarilmagan 79 mln 321 ming 751 soʻmlik ish hajmlarini qoʻshib yozib, ushbu pul mablagʻlarini jamiyat hisob-raqamiga oʻtkazilishiga erishib, oʻziga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan ancha miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

A.A bundan tashqari Baliqchi tumanidagi maktabda 1.227.730.325 soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlarini amalga oshirish belgilanganidan foydalanib, byudjet mablagʻlarini talon- toroj qilish orqali noqonuniy daromad topishni maqsad qilgan. U “Yagona buyurtmachi xizmati” IK texnik nazoratchisi D.I. bilan til biriktirgan. Ular jami 122 mln 126 ming 727 soʻm mablagʻlarni oldindan oʻtkazilishiga erishib, oʻzlariga ishonib topshirilgan va ixtiyorida boʻlgan oʻzganing koʻp miqdordagi mablagʻlarini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Sudda har ikkala ayblanuvchi oʻz aybiga qisman iqror boʻlgan.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, A.A. ga uzil-kesil ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 3 oy axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

D.I. ga esa oʻtash uchun 2 muddatga moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 9 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid