Toshkentdagi 10 ta ogʻir mahallaning elektr taʼminoti yaxshilanadi
Mazkur ishlarga 12,6 mlrd soʻm mablagʻ ajratiladi.

Shavkat Mirziyoyev topshirigʻiga asosan Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonasi hamda masʼul tashkilot va idora rahbarlaridan tashkil topgan Respublika ishchi guruhi poytaxt hududlarida aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolarni hal etish, amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish kabi yoʻnalishlardagi ishlarga koʻmaklashish maqsadida oʻz faoliyatini Toshkentda davom ettirdi.
Prezident maslahatchisi oʻrinbosari – Xalq qabulxonasi rahbari Ulugʻbek Muhammadiyev boshchiligidagi guruh tomonidan Toshkent shahar masʼullariga aholi muammolarini oʻrganish, sayyor qabullar tashkil qilish, ularda aniqlangan muammolar boʻyicha vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda yechim topish kabi vazifalarni bajarishda qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, poytaxt aholisi bilan oʻtkazilgan muloqotlar, aniqlangan muammolarning yechimi boʻyicha koʻrilgan choralarning natijadorligini oʻrganish, yechimini kutayotgan muammolarni hal etish maqsadida Respublika ishchi guruhi va tuman hokimlari ishtirokida ogʻir toifadagi mahallalarda 30 dan ziyod sayyor qabullar oʻtkazildi.
Ularda 300 dan ziyod jamoaviy masalalar koʻrib chiqildi. Murojaatlarning 182 tasi ijobiy hal etildi, muayyan vaqt va mablagʻ talab etadigan 115 ta masalaning ijrosi nazoratga olindi.
Misol uchun, 10 ta ogʻir mahallaning elektr taʼminotini yaxshilash loyihalarining manzilli roʻyxati shakllantirildi va tasdiqlash uchun Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga kiritilishi taʼminlandi.
Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod, Bektemir va Sergeli tumanlaridagi mahallalarda 12,6 mlrd soʻm mablagʻ 12,6 mlrd soʻm mablagʻ hisobiga 19 ta transformatorlar oʻrnatiladi va 47 km elektr tarmoqlari tortiladi.
Mazkur roʻyxat asosida ishlarni boshlash uchun respublika byudjetidan Toshkent shahar mahalliy byudjetga 3,8 mlrd. soʻm mablagʻlar oʻtkazib berilishi taʼminlandi.
Shuningdek, Yashnobod tumanidagi “Hilol” mahallasida, Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Ijodkor” mahallasida, Sergeli tumanidagi “Ziyolilar” mahallasida ichimlik suv tarmogʻi tortildi.
Poytaxt boʻylab 800 kmdan ziyod lotok, ariq va zovurlari chiqindilardan tozalanib, 20 kmga yaqin qismi betonlashtirildi, 1,7 mingga yaqin koʻchalar chiqindilardan tozalandi. Yuzdan ziyod qabriston va ziyoratgohlar obod qilindi.
Misol uchun, Yashnabod tumani “Maʼrifat” MFY hududidagi koʻp qavatli uylarning atrofidagi lotoklar tozalandi.
Chilonzor tumani tuman Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan, “Bunyodkor”, “Lutfiy”, “Soʻgalli ota” va boshqa koʻchalardagi irrigatsiya lotoklari toshqin holatini oldini olish uchun tozalanmoqda.

Bundan tashqari, belgilangan reja-jadvallar asosida muborak Ramazon oyida poytaxt bozorlarini asosiy turdagi isteʼmol oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash, joylarda arzonlashtirilgan oziq-ovqat yarmarkalarini tashkil qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan xabar olish, ularga yordam koʻrsatish, iftorlik dasturxonlarini yozish kabi qator ishlar amalga oshirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir 10 ta mahallada 24 ta arzonlashtirilgan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkalari tashkil etildi.
Poytaxtning 12 ta tumaning barcha mahalla va koʻchalarida obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini tizimli va manzilli tashkil etilib, bugungi kunga qadar tashkil etilgan 913 ta aksiya va hasharlarda 72 mingdan ortiq aholi vakillari ishtirok etdi. Jami 3 mingga yaqin ijtimoiy soha obʼektlari atroflari obodonlashtirildi.
Respublika ishchi guruhi faoliyati davom etmoqda.
