Oʻzbekistonda Ramazon hayiti 30 mart kuni nishonlanadi
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axborotiga koʻra, hayit 30 martga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekistonda Ramazon hayiti 30 mart kuni nishonlanadi. Bu haqda prezident qarori eʼlon qilindi.
"Joriy yilda Ramazon hayitining birinchi kuni 30 mart – yakshanba kuniga toʻgʻri kelishi haqidagi Oʻzbekiston musulmonlari idorasining axboroti maʼlumot uchun qabul qilinib, mamlakatimizda 2025 yil 30 mart kuni Ramazon hayiti bayrami sifatida keng nishonlansin", deyiladi qarorda.
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
- ishlanmaydigan bayram kuni hisoblanuvchi Ramazon hayitining birinchi kuni 2025 yilda yakshanba – dam olish kuniga toʻgʻri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kuni 31 mart – dushanba kuniga koʻchirilishi;
- bunda ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat koʻrsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari toʻxtatib qoʻyish mumkin boʻlmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari koʻchirilmasligi belgilangan.