platina.uz

19 mln dona tuxum va 12 mln bosh broyler joʻjalar

“Mikrokreditbank” uyushtirgan press-turda ana shunday quvvatga ega korxona faoliyati bilan tanishildi.

Biznes
26-mart, 19:13
19 mln dona tuxum va 12 mln bosh broyler joʻjalar

“Mikrokreditbank” tomonidan moliyalashtirilgan Toshkent viloyatidagi “Umid” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga bir guruh OAV vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi. Press-tur davomida qatnashchilar korxonada parrandachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.

Korxonaning Yangiyoʻl tumani Boʻzsuv mahallasida joylashgan 56 ta parranda (yillik quvvati 7,5 mln bosh broyler) boqish binolarida yiliga 9 ming tonna parranda goʻshti yetishtirish hamda ichki bozorlarga yetkazib berish quvvatlari mavjud.

Shuningdek, 1 ta ozuqa ishlab chiqarish kompleksida yiliga 12,5 ming tonna ozuqa ishlab chiqariladi. 1 ta tovuq soʻyish kompleksida esa soatiga 4 ming bosh parranda soʻyiladi. Korxonadagi 1 ta muzlatkich 1,2 ming tonnagacha mahsulotni oʻzida saqlaydi.

Bundan tashqari, korxonada 157 ming bosh naslli parrandani boqish quvvati mavjud boʻlib, yiliga 19 mln dona inkubatsion tuxum va 12 mln bosh 1 kunlik broyler joʻjalar yetishtirish quvvatiga ega.

Korxonaning parrandachilik faoliyatini rivojlantirish loyihasiga “Mikrokreditbank” ATB tomonidan 75 mlrd soʻm miqdorida kredit ajratilgan.
Korxona tomonidan viloyatdagi boʻsh turgan va past quvvatda faoliyat yuritayotgan parrandachilik xoʻjaliklari bilan kooperatsiya asosida parranda boqish yoʻlga qoʻyilmoqda.

Ushbu korxonada hozir 100 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

Maʼlumot uchun, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan joriy yil boshidan buyon tadbirkorlik subʼektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 8 ta loyihaga jami 63 mlrd soʻmdan ortiq kredit mablagʻlari ajratib berildi.

2025 yilda 10,4 mlrd dona (2024 yilga nisbatan 103,8 foiz) tuxum va 850 ming tonna (105,3 foiz) tirik vaznda parranda goʻshti yetishtirish rejalashtirilgan.

Prezidentning 2025 yil 30 yanvardagi PQ-34-son “Chorvachilik va parrandachilikni qoʻllab-quvvatlash, sohada yuqori qoʻshilgan qiymat yaratish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, parrandachilik sohasida aholi xonadonlari bilan kooperatsiya asosida ishlash tizimini moliyalashtirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining 50 million AQSh dollari miqdoridagi mablagʻlari “Mikrokreditbank” ATBning ustav kapitalini oshirishga yoʻnaltirilgan boʻlib, ayni damda mazkur mablagʻlar hisobiga respublikaning barcha hududlarida parrandachilikning goʻsht va tuxum yoʻnalishida kooperatsiya tizimi asosida 1 million aholini ish bilan taʼminlash boʻyicha “Parranda boqish — daromad topish” loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Ushbu loyiha aholi bandligini taʼminlash maqsadida kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, tijorat banklari balansidagi xoʻjaliklarni salohiyatli yirik korxonalarga biriktirish, ishlab chiqarish va qayta ishlash tarmoqlari oʻrtasida kooperatsiya tizimini tashkil etish hamda yangi loyihalarni ishga tushirish hisobiga amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda.

Mazkur kredit mablagʻlari kooperatsiya tizimi asosida parrandachilik loyihalarini amalga oshirish tashabbusini koʻrsatgan xoʻjalik subʼektlariga ajratiladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+