Shavkat Mirziyoyev iftorlik tadbirida ishtirok etdi
Oʻtgan yilning oʻzida koʻmakka muhtoj insonlarga 16 trillion soʻmlik moddiy yordam va nafaqalar berilgani maʼlum qilindi.

Bugun prezident Shavkat Mirziyoyev iftorlik tadbirlarida qatnashdi va nutq soʻzladi.
"Xabaringiz bor, ulugʻ vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning Samarqandda barpo qilinayotgan muazzam majmuasi qurilishi ham jadal davom ettirilmoqda. Bu yerda buyuk ajdodimiz hayoti va faoliyatiga bagʻishlangan muzey va ilmiy dargohlar bilan birga, 10 ming kishilik masjid ham bunyod etilmoqda.
Nasib etsa, bu yil ana shu ikki muhtasham obidani – Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Buxoriy majmuasining ochilish marosimini barchamiz birgalikda tantanali ravishda oʻtkazamiz.
Xalqimizning islom dini va falsafasiga qoʻshgan bebaho hissasini yanada teran oʻrganish maqsadida yaqinda yana bir muhim qaror qabul qildik.
Bu yil mutafakkir ajdodimiz, kalom ilmining buyuk peshvolaridan biri boʻlmish Imom Moturidiy hazratlari tavalludining 1155 yilligini keng nishonlaymiz. Jumladan, ul zotning Samarqanddagi muborak qadamjolari yanada obod qilinadi", dedi prezident.
"Koʻpmillatli jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, turli millat va din vakillari oʻrtasida doʻstlik va birdamlikni kuchaytirish vazifasi doimiy eʼtiborimiz markazida boʻlib kelmoqda.
Shu maqsadda joriy yilning sentabr oyida Toshkent va Samarqand shaharlarida nufuzli xalqaro anjuman oʻtkazamiz.
“Deklaratsiyalar muloqoti forumi” deb nomlangan bu yirik tadbir 2022 yili Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻlib oʻtgan anjumanning mantiqiy davomi boʻlib, turli diniy eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻziga xos maʼrifiy muloqot maydoni boʻlib xizmat qiladi",deya taʼkidladi davlat rahbari.
Prezidentga koʻra, oʻtgan yilning oʻzida koʻmakka muhtoj insonlarga 16 trillion soʻmlik moddiy yordam va nafaqalar berildi. Kam taʼminlangan oilalarga mansub 51 ming nafar bola bogʻchaga joylashtirildi, ularning 176 ming nafar aʼzosiga tibbiy koʻmak koʻrsatildi, 182 ming nafari esa ijtimoiy xizmatlar bilan qamrab olindi.
“Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi orqali 94 mingga yaqin kam taʼminlangan oilalarga davolanish, oziq-ovqat, kiyim-kechak, kommunal toʻlovlar bilan bogʻliq 130 milliard soʻmlik xarajatlar qoplab berildi.
“Ayollar daftari” doirasida 3,5 million nafar opa-singillarga 5 trillion 700 milliard soʻmlik yordam ajratildi.
“Yoshlar daftari” joriy etilganidan buyon 1 million 300 ming nafar ehtiyojmand yoshlarga 1 trillion 700 milliard soʻmlik ijtimoiy yordam koʻrsatildi.