platina.uz
Jamiyat

Oʻzbek harbiylari AQShdagi musobaqada rekord natija bilan gʻalaba qozondi

Harbiylar jamoaviy bahs — 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajargan. 

Oʻzbek harbiylari AQShdagi musobaqada rekord natija bilan gʻalaba qozondi

Oʻzbekiston harbiylari AQShda rekord natijalar bilan gʻalaba qayd etdi.

Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Abdullayev Alishox va III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux joriy yilning 17–20 mart kunlari AQShning Missisipi shtati “Camp Shelby” harbiy-oʻquv bazasida boʻlib oʻtgan “Eng ilgʻor jangchi–2025” musobaqasida ishtirok etishdi.

Xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus boʻlinmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada harbiy xizmatchilar AQSh Milliy gvardiyasining Maxsus boʻlinmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashishdi.

Musobaqa davomida harbiy xizmatchilar yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni oʻz ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zoʻriqish yoʻlagidan oʻtish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentirlash, 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik boʻyicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam boʻlmagan soʻz), artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi oʻqotar qurollarni notoʻliq qismlarga yoyish, yigʻish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda oʻq otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardilar.

Jumladan, harbiy xizmatchilarimiz jamoaviy bahs — 15 kilogram yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shunindek, yakka tartibdagi bahslarda III-darajali serjant Jovkashev Shoxrux 3 kilometr 219 metr masofani 11 minut 18 soniyada bosib oʻtgan boʻlsa, kichik serjant Abdullayev Alishox 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogram ogʻirlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirishga muyassar boʻldi.

Eʼtiborli jihati shundaki, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilarimiz musobaqa rekordini yangiladi.

Yakunda harbiy xizmatchilarimiz musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlanishdi. Bu dastlabki yutuq emas, albatta. Mazkur musobaqada oʻzbekistonlik harbiy xizmatchilar 2019 yildan beri muvaffaqiyatli qatnashib, har birida ishtirokchilardan mutlaq ustunlik bilan gʻoliblikni qoʻlga kiritib keladi.

23 mart kuni gʻoliblar poytaxtimizdagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid