AQSh: demokratiya va avtoritarizm oʻrtasidagi chegara
Agar Tramp oʻz tarafdorlari bilan bu muammoni hal qilishga muvaffaq boʻlsa, Amerika siyosiy tizimida yangi bir davr boshlanishi mumkin.

Amerika siyosiy sahnasida Donald Trampning qaytishi va uning yangi muddatga boʻlgan daʼvolari global siyosiy muhokamalarni kuchaytirmoqda. Uning tarafdorlari uni AQShning milliy manfaatlarini himoya qiluvchi lider sifatida koʻrsalar, tanqidchilar uni avtoritarizm sari intilishda ayblashmoqda. Tramp davridagi siyosiy jarayonlar tahlili uning Oq uyga qaytishi Amerika demokratik tizimiga qanday taʼsir koʻrsatishi mumkinligini aniqlash imkonini beradi.
Tramp va prezidentdlik muddati cheklovlari
Amerikalik siyosiy texnolog Stiv Bannonning soʻzlariga koʻra, Donald Tramp 2028 yilda ham prezidentlik uchun nomzodini qoʻyishi mumkin. Bu esa Amerika Konstitutsiyasining muddat cheklovlari borasida yangi bahslarni yuzaga keltirmoqda. Konstitutsiyaga koʻra, prezident faqat ikki muddatga saylanishi mumkin, ammo Trampning tarafdorlari bu qonunni talqin qilishning turli yoʻllarini izlamoqda. Agar Tramp oʻz tarafdorlari bilan bu muammoni hal qilishga muvaffaq boʻlsa, Amerika siyosiy tizimida yangi bir davr boshlanishi mumkin.
Xoʻsh, demokratik jamiyat etaloni hisoblanmish AQShga nima boʻlyapti? Nahotki Tramp mazkur demokratiya oroliga ham zolim hukmdorlar sevadigan, xalq hayotini xarob qiladigan va mamlakat taraqqiyotiga toʻsqinlik qiladigan diktatura hamda avtokratiya kabi iflos siyosiy merosni kultivatsiya qilmoqchi?
Avtoritarizmga intilish alomatlari
Tramp maʼmuriyati davomida bir qator harakatlar va qarorlar AQShdagi demokratik tamoyillarga zid boʻlgani sababli, ular avtoritarizmga intilish sifatida baholandi. 2025 yil 22 mart kuni The Guardian gazetasida chop etilgan maqolada Tramp maʼmuriyatining harakatlari AQSh demokratik tizimining asoslarini zaiflashtirayotgani taʼkidlandi. Maqolada prezidentning hukumat mustaqilligini susaytirish, sud qarorlariga boʻysunmaslik, muhojirlarni qonuniy jarayonlarsiz deportatsiya qilish va ommaviy axborot vositalari hamda norozilik bildiruvchilarni sukutga chaqirish kabi harakatlari avtoritar rejimlarga xos ekani qayd etildi.
Bundan tashqari, Stenford universitetining sotsiologi va avtoritarizm boʻyicha mutaxassisi Larri Daymondning El País gazetasiga bergan intervyusida, Trampning harakatlari AQShdagi demokratik institutlarni zaiflashtirishga qaratilgani va uning boshqaruvi Vengriyaning Viktor Orban yoki Turkiyaning Rajab Toyyib Erdoʻgʻan kabi avtoritar liderlarning strategiyalariga oʻxshashligi taʼkidlandi. Daymondning fikricha, Tramp hukumatning muvozanat va tekshiruv tizimlarini buzib, qonunlar va demokratik jarayonlarni poymol qilmoqda, shuningdek, tanqidchilar va muxoliflarni qoʻrqitish uchun zoʻravonlik tahdidlaridan foydalanmoqda.
Yaqinda fransuz olimiga AQShga kirish taqiqlangani haqidagi xabarlar xalqaro jamoatchilikda xavotir uygʻotdi. Oliy taʼlim va tadqiqotlar boʻyicha Fransiya vaziri Filipp Batistning maʼlum qilishicha, olim AQSh siyosatini tanqid qilgan shaxsiy xabarlari tufayli mamlakatga kiritilmagan. Bu voqea Amerikada fikr erkinligi va akademik mustaqillikka nisbatan chegaralar tobora tortilayotganidan dalolat beradi.
Shaxsga sigʻinish “madaniyati”ning shakllanishi
Tramp maʼmuriyati davrida prezident atrofida shaxsga sigʻinish madaniyatining shakllanishiga oid bir qator misollar keltirish mumkin. Masalan, 2025 yil fevral oyida The Guardian gazetasida chop etilgan maqolada, Trampning AQSh madaniyati va milliy identifikatsiyasiga taʼsiri, shu jumladan, Meksika koʻrfazini Amerika koʻrfazi deb qayta nomlash va Kennedi markazini nazorat qilish kabi harakatlari avtoritar rejimlarning propaganda strategiyalariga oʻxshashligi taʼkidlandi. Bu harakatlar prezidentning milliy rivoyatlardagi hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan.
Shuningdek, 2019 yilda The Nation nashrining kuzatuvchisi Sasha Abramski, Tramp maʼmuriyatining harakatlarini shaxsga sigʻinish madaniyatiga oʻtish sifatida baholagan. Masalan, Oq uyning federal xizmatlarga The New York Times va The Washington Post gazetalariga obunani taqiqlashga urinishlari va Adliya vazirligining prezident bosimi ostida Rossiya bilan aloqalar boʻyicha ishni qayta koʻrib chiqishi kabi harakatlar keltirilgan.
Yaqinda esa AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens “Tramp dunyo prezidentiga aylanadi” degan bayonot bilan chiqdi. Trampning qarindoshlaridan biri esa ijtimoiy tarmoqlarda “Trampning Amerika taraqqiyotiga qoʻshayotgan hissasi uchun uning oyoqlaridan oʻpishlari kerak” degan post qoldirdi. Shuningdek, koʻplab siyosatchilar Donald Trampning suratini AQSh valyutasiga joylashtirish, unga Nobel mukofotini berish yoki AQShdagi Rashmor togʻiga haykalini qoʻshish kabi gʻalati takliflar bilan chiqmoqda. Bu avtoritar davlatlardagi shaxsga sigʻinish, laganbardorlik va diktatura uchun zamin yaratish borasida xavotirlarni tugʻdirmoqda.
Amerikada diktatura oʻrnatilishi mumkinmi?
Tramp maʼmuriyati davomida uning siyosati avtoritarizm tomon harakat sifatida baholangan. U muxolifatni bosimga olish, OAVga cheklovlar joriy qilish va muxolif olimlar hamda talabalarga qarshi choralar koʻrish bilan tanilgan. Bundan tashqari, Stenford universiteti sotsiologi Larri Daymondning taʼkidlashicha, Tramp hukumat organlari orasida muvozanatni buzishga harakat qilgan.
Yuqorida keltirilgan dalillar Tramp maʼmuriyati davrida AQShda avtoritarizmga intilish va shaxsga sigʻinish madaniyatining shakllanganini koʻrsatadi. Bu holatlar demokratik institutlarning zaiflashishiga, qonun ustuvorligining susayishiga va jamiyatdagi boʻlinishlarning chuqurlashishiga olib kelishi mumkin.
Agar bu tendensiyalar davom etsa, AQShda demokratik qadriyatlar va institutlarning yanada zaiflashishi ehtimoli bor. Bu esa mamlakatning ichki barqarorligi va xalqaro maydondagi nufuziga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuningdek, shaxsga sigʻinish madaniyatining kuchayishi jamiyatda tanqidiy fikrlash va muxolifatning susayishiga olib kelishi mumkin, bu esa demokratik jarayonlar uchun xavflidir.
Biroq bu faktlarga qaramasdan, AQShda diktatura oʻrnatilishi oson emas. Sababi – mamlakatda qonun ustuvorligi va kuchli federativ tuzilma mavjud. Shtatlar katta moliyaviy va siyosiy mustaqillikka ega, bu esa markazlashgan hokimiyatning mutlaq nazorat oʻrnatishini qiyinlashtiradi. Shunindek, hokimiyatga oʻzaro kuchlar muvozanati va oʻzaro bir-birini tiyib turish mexanizmi ham bunga yoʻl qoʻymasligi ehtimolga yaqin.
Qolaversa, Donald Trampning prezidentlik davrida AQShda avtoritarizm va shaxsga sigʻinish madaniyatining rivojlanishi haqidagi dalillar jiddiy tahlil va muhokamani talab qiladi. Demokratik institutlar va qadriyatlarni himoya qilish uchun jamiyatning barcha qatlamlari va siyosiy kuchlari birgalikda harakat qilishi zarur. Faqat shu tariqa AQSh oʻz demokratik anʼanalarini saqlab qolishi va kelajakdagi rivojlanishini taʼminlashi mumkin.
Sic Semper Tyran!
AQShning Virjiniya shtatining bayrogʻi, gerbi va muhrida ajoyib surat tasvirlangan:

Tasvirda yangi Virjiniya Hamdoʻstligining bosh ramzi sifatida tanlangan ayol haykali aks etgan boʻlib, u rimcha fazilat (Virtus), jasorat va matonat timsoli hisoblanadi. Ayol uzun nayzasiga suyangan holda, Virjiniya ramzi gʻalaba qozongan gʻolib kabi turgan boʻlib, uning oyogʻi ostida yengilgan erkak figurasi – agʻdarilgan tiraniyani (zulm va zoʻravonlik saltanatini) ifodalaydi. Uning qoʻlidagi qilich kuch emas, balki hokimiyat timsoli sanaladi. Ayol obrazi amazonkalar (ozod va erkin jamiyat timsoli) uslubidagi libosda tasvirlangan. Suratda lotincha Sic Semper Tyrannis (Zulm saltanati doim shunday yakun topadi) iborasi yozilgan. Bu Yuliy Sezar oʻldirilganida Brut tomonidan aytilgani taʼkidlanadi.
Garchi suratdagi “yengilgan tiraniya” Virjiniya hamdoʻstligi bilan boʻlgan kurashda Buyuk Britaniyaning magʻlubiyatini, bir chetga tashlangan podshohlik toji esa monarxiyaviy Britaniya zulmidan qutulish va yangi erkin respublika tugʻilishini ifodalasa-da, bu suratdagi ruhiyatni butun AQSh siyosiy tizimiga ham tatbiq etish mumkin. Yaʼni bu yerda oʻrnatilgan tuzum va tizim diktaturaga toqat qila olmaydi. Chunki xalqdagi erkinlikka intilish ruhiyati va mavjud siyosiy tizim bunga yoʻl qoʻymaydi. Buni oʻzgartirmoqchi boʻlganlarning yakuni esa xuddi Virjiniya gerbidagi kabi yakun topadi.