Koʻrinmas front jangchilari: Usoma bin Lodinni yoʻq qilgan "Neptun nayzasi" operatsiyasi
AQSh tarixidagi eng qora kun – 11 sentabr teraktini sodir etgan “Al-Qoida” rahbarini qoʻlga olish uchun Amerika 10 yil uringan va shu operatsiyani oʻylab topgan.

Hozirgi jahon xavfsizlik tizimi 2001 yilgacha va undan keyingi tartibotga boʻlinadi. Bunga 2001 yil 11 sentabr kuni asrimizning eng fojiali terrorchilik amaliyoti sodir etilgani sabab boʻldi.
Shu kuni terrorchilar yoʻlovchi samolyotlarini egallab olishdi – 2 ta samolyot Nyu-Yorkning Manxetten tumanidagi Jahon savdo markaziga (JSM), uchinchi samolyot Vashington yaqinidagi Pentagon binosiga borib urildi, toʻrtinchi samolyot Pensilvaniya shtati hududiga qulab tushdi.

Natijada, 19 nafar xudkush terrorchi va 2977 nafar tinch aholi vakillari halok boʻldi, 24 kishi bedarak yoʻqoldi. Koʻplab hukumat binolariga talafot yetkazildi, JSMning “egizak” binolari qulab tushdi.
Oʻtkazilgan surishtiruv va tergov jarayonlari natijasida bu terrorchilik aktlari xalqaro tarmoqlarga ega “Al-Qoida” terrorchilik guruhi tomonidan, uning yetakchisi Usoma bin Lodinning bevosita buyrugʻiga asosan amalga oshirilgani maʼlum qilindi.
Oʻsha paytda AQSh prezidenti boʻlgan kichik Jorj Bushning buyrugʻi bilan “Al-Qoida” guruhi hamda Afgʻoniston va Pokistonda in qurib olgan “Tolibon” jangarilariga qarshi NATOning “qasos amaliyoti” boshlandi. Iroqqa AQSh va uning ittifoqchi qoʻshinlari kiritilib, Saddam Husayn rejimi agʻdarildi. Biroq eng asosiy gumonlanuvchi – Usoma bin Lodin hamon topilmayotgan edi. Shu bois AQShning Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) terrorchilar yetakchisini yoʻq qilish uchun maxsus amaliyot – “Neptun nayzasi” amaliyotini tayyorlay boshladi.
Avval AQSh tarafida, soʻng AQShga qarshi...
2000 yillarda Gʻarb matbuotida xoʻb va koʻp yozilgan asosiy “yovuz qahramon” Usoma bin Lodinni tasavvur qilishdan avval tarixga, biroz ortga nazar solishga toʻgʻri keladi.
1979 yilda Afgʻoniston Demokratik Respublikasida (1987 yildan – Afgʻoniston Respublikasi) oʻz siyosiy qoʻgʻirchogʻini oʻzgartirishni istagan SSSR hukumati bu mamlakatga oʻz taʼbiriga koʻra, “cheklangan kontingent” kiritdi. Toʻlaqonli urush harakatlari boshlandi.

Mazkur bosqinchilik harakati Gʻarb va musulmon mamlakatlarining keskin noroziligiga sabab boʻldi. Kommunistlar boshlagan urushga javoban SSSRga qarshi xalqaro siyosiy va iqtisodiy sanksiyalar kiritildi. Sovet itifoqi ishtirok etgan turli xalqaro tadbir va loyihalar, masalan, 1980 yilgi Moskva Yozgi oʻyinlar olimpiadasi boykot qilindi.
Afgʻoniston xalqi “shoʻraviylar” – sovet armiyasiga qarshi qoʻlida qurol bilan kurasha boshladi. Ularga qarshi “jihod” eʼlon qilindi, afgʻon mujohidlari NATO, Xitoy hamda islom davlatlarining siyosiy, moliyaviy va harbiy yordamiga tayanib, sovet harbiylari va ularning afgʻon hamtovoqlariga qarshi jangga kirishdi.
Gʻarb jurnalistlari Afgʻonistondagi harbiy keskinlikni atigi 3 yil avval yakuniga yetgan “Vetnam urushi” bilan qiyoslay boshladi. Haqiqatan ham, goʻyoki amaldagi afgʻon hukumati va mujohidlar bir-biriga qarshi urishayotgandek koʻrinsa-da, aslida esa yana AQSh va SSSR oʻrtasida jang boshlangan edi.
Usoma bin Lodin kim boʻlgan?
Usoma bin Muhammad bin Avad bin Lodin 1957 yilning 10 mart kuni Saudiya Arabistoni podshohligi poytaxti Ar-Riyod shahrida, asli yamanlik kindiylar qabilasiga mansub boy va zodagon oilasida tugʻildi.
Usomaning otasi – milliarder tadbirkor Muhammad bin Avad bin Lodin xalqaro qurilish konglomerati – Saudi Binladin Group sohibi boʻlgan. Lodinlar oilasi mamlakat qiroli Abdulaziz ibn Saud bilan juda yaqin aloqada edi.

Usoma ham boshqa saudiyalik milliarder oʻgʻlonlar singari umrini kayfu safoda oʻtkazishi, otasining boyligi, Saudiya podshosi bergan maxsus imtiyozlar va Gʻarb taqdim etadigan nozu neʼmatlarga gʻarq boʻlib, otasi kabi deyarli har oyda yangi xotin olib, davru davron surishi mumkin edi.

Biroq Afgʻonistonda “xalqaro jihod” eʼlon qilingani Usomaning “xayolini oʻgʻirladi”. Jidda shahridagi “Qirol Abdulaziz universiteti”ning iqtisodiyot va biznes menejment yoʻnalishida tahsil olayotgan Usoma 1979 yilda, 3-kurslik paytida oʻqishini tashladi. Pokistondagi mujohidlar safiga borib qoʻshildi.

Keyinchalik u mazkur qarorini “Afgʻoniston xalqiga nisbatan adolatsizlikdan junbushga kelgani” bilan izohladi.
Usoma Pokistonda dala qoʻmondoni Abdul-Aʼzam qoʻlida sovetlarga qarshi jang qila boshladi. Usoma jang qilishdan koʻra, moliyaviy va texnik yordam koʻrsatishda peshqadamligi bilan mashhur boʻldi.

Albatta, Gʻarb ham mintaqaga “quruq qoʻl” bilan kelmagan edi: 1979-1989 yillarda MRB amalga oshirgan “Siklon” operatsiyasi doirasida (bu haqda keyingi maqolamizda oʻqing) AQSh va Saudiya Arabistoni Pokiston razvedkasi koʻmagida sovet istilosiga qarshi 40 milliard dollar ajratib, deyarli 100 ming nafar mujohidni shugʻullantirib, harbiy tayyorgarlikdan oʻtkazdi va ularning harbiy-moddiy taʼminotini toʻliq oʻz zimmasiga oldi. Mujohidlar orasida 40 ta arab mamlakatidan kelgan koʻngillilar ham bor edi.

Usoma tez orada Pokiston razvedkasi boshligʻi, general-leytenant Hamid Gʻulom bilan uchrashib, mustahkam aloqalar oʻrnatdi.
1988 yilda Usoma bin Lodin “Al-Qoida” guruhini tuzdi. Unda asosan arab davlatlarining fuqarolari jang qilgan. Guruh toʻligʻicha Usomaning mablagʻlaridan moliyalashtirilgan.

Mixail Gorbachyov SSSR tepasiga kelgach, sovetlar mamlakatida demokratik islohotlar – qayta qurish va oshkoralik jarayonlari boshlandi. Bu islohotlarning natijalaridan biri oʻlaroq, 1989 yilda sovet harbiylari Afgʻonistondan olib chiqib ketildi.
.jpg)
Chala qolgan ambitsiyalar
Mantiqan olib qaraganda, sovetlar Afgʻonistonni tark etgach, mamlakatda tinchlik oʻrnatilishi kerak edi. Biroq asosiy dushman yoʻqolgan boʻlsa-da, tish-tirnogʻigacha qurollangan va urishishga “oʻrganib qolgan” dala qoʻmondonlari, turli afgʻon qabilalari oʻrtasida janglar qaytadan avj oldi. Ular Afgʻonistonni kim boshqarishi borasida murosaga kela olishmadi. Usoma afgʻon qabilalarining bunday tarqoqligidan nihoyatda gʻazablangan. U orzu qilgan “yagona va hamjihat musulmon ummati” orzusi koʻz oʻngida sarobga aylanganidan mahzun boʻlib qolgan.
Usoma bin Lodin 1989 yilda Saudiyaga qaytdi. Uni salkam qahramondek kutib olishdi. Bundan ruhlangan Usomada “jihod”ni butun dunyo boʻylab yoyish orzusi paydo boʻldi. Biroq amaldagi vaziyat buni taqozo etmasdi: uning vatani va oilasi AQSh va uning yirik siyosatchilari hamda millarderlari bilan kuchli rishtalar vositasida bogʻlangan edi. Oʻsha paytda Saudiya Arabistoni AQSh va Gʻarbning Yaqin Sharq mintaqasida (Isroildan keyin) yirik, kuchli va ishonchli ittifoqchisi edi.
Biroq oradan 1 yil oʻtib – 1990 yilda Iroq Kuvaytga bostirib kirib, uni bosib olishga urindi. Iroq armiyasining Saudiya Arabistoni chegarasida toʻplangani va Iroq prezidenti Saddam Husaynning “Arablarni birlashtirish” borasidagi chaqiriqlari Saudiya Arabistoni elitasini tashvishga solib qoʻydi. Ular Saddam Husaynni Saudiya podsholigi taxtiga tahdid sifatida koʻra boshladi.
Usomaning “karerasi”ni 1990 yilgacha Saudiya elitasi va AQSh bilan itifoqchilik davri deb atash mumkin. Biroq keyingi davrda Usoma boshqa, hatto AQSh va Gʻarbga teskari yoʻldan keta boshladi.
Avvalo, Usoma Saudiya Arabistonining xavfsizlik va harbiy jihatdan AQShga qaramligidan norziligini oshkora namoyon qildi. U shaxsan qirol Fahd va Saudiya mudofaa vaziri Sulton bilan uchrashib, Gʻarbdan mustaqil boʻlgan “Arab legioni” tuzishni taklif qildi. Oʻzining harbiy tajribasi va moliyaviy yordamini taklif qildi.
Biroq Saudiya elitasi unga eʼtibor bermadi, davlat ishlariga aralashmaslikni tavsiya qildi. Bundan “arazlagan” Usoma Saudiyadan chiqib ketib, Sudanga borib oʻrnashdi. Bor imkoniyati va boyligini shu mamlakatga bagʻishlashga qaror qildi. Bu yerda u qurilish va qishloq xoʻjaligiga investitsiya kiritdi. Koʻplab muhim ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi. Bu ishlari bilan Sudan hukumati va xalqi orasida katta obroʻ qozondi.

Lekin Usoma Sudanda turib ham, Saudiya Arabistoni hukumati, xususan, qirol Fahdni tanqid qilishdan toʻxtamadi. Qirolning Gʻarb bilan hamkorligi musulmonlar zarariga boʻlayotganini iddao qildi. Natijada Saudiya Arabistoni hukumati Usoma bin Lodinni fuqarolikdan va uning oilasiga har yili hukumat tomonidan beriladigan 7 million dollarlik nafaqadan mahrum qildi.

Bu davrga kelib, Usoma boshi ustida “qora bulutlar” yanada quyuqlashdi. Avval uni “Misr islomiy jihodi” tashkiloti bilan aloqadorlikda gumon qilishdi. 1995 yilda ushbu terrorchilik tashkiloti aʼzolari Misr diktatori Husni Muborak joniga qasd qilishga uringani bois, AQSh ham vaziyatga aralasha boshladi.
Bu paytga kelib AQSh Davlat departamenti Sudanni terrorchilikni qoʻllab-quvvatlovchi davlatlar roʻyxatiga kiritdi. Bu yerda “Al-Qoida”ning terrorchilarni shugʻullantiruvchi harbiy lagerlari borligini daʼvo qila boshladi.
Shu yili Saudiya Sudandan Usoma bin Lodinni chiqarib yuborishni talab qila boshladi. Biroq fuqarolikdan mahrum qilingani bois, uning Saudiyaga kirishiga ruxsat berishmadi. Lekin istagan boshqa davlatga chiqib ketishiga izn berishdi. 1996 yilda Usoma bin Lodin Afgʻonistonga ketishga qaror qildi. Bu yerda toliblar rahbari “mulla Umar” bilan yaqin aloqalar oʻrnatdi. Shu yili avgust oyida Usoma AQShga qarshi urush eʼlon qildi.
Terrorchilik faoliyatining kuchayishi
90-yillar “Al-Qoida” uchun koʻplab qirgʻinbarot amaliyotlar davri sifatida tarixda qoldi. Usoma bin Lodin va uning jangarilari AQShga aloqador deb koʻrilgan koʻplab davlatlarda, Amerika elchixonalarida terrorchilik aktlari sodir etdi. Koʻplab odamlarning umriga zomin boʻldi. Shu bois tobora koʻproq davlatlar Usoma bin Lodin va uning “Al-Qoida” tashkilotini terrorchi va jinoyatchi sifatida koʻra boshladi.
1998 yil 16 martda Liviya Usomani nemis arabistining oʻlimida aylab, xalqaro qidiruvga berdi.

1999 yil 7 iyun kuni Usoma bin Lodin AQSh Federal qidiruv byurosining “Eng koʻp qidirilayotgan 10 ta qochoq jinoyatchi” norasmiy roʻyxatiga kiritildi.
1999 yil 15 oktabr kuni BMT Xavfsizlik kengashining 1267-rezolyutsiyasi bilan “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti deb tan olindi. Bu rezolyutsiya “Al-Qoida” bilan bogʻliq shaxslarga sanksiyalar kiritish uchun huquqiy asos boʻldi.
Shu yili BMT AQSh prezidenti Bill Klintonning taklifi bilan BMT “Tolibon” rejimiga qarshi sanksiyalar kiritdi.
Oradan 2 yil oʻtib, 2001 yil 11 sentabrda AQShda, yoʻlovchi samolyotlarni egallab olgan xudkush jangrilar yordamida mudhish terrorchilik akti sodir etildi.
AQSh hukumati darhol “Al-Qoida”ni asosiy gumonlanuvchi deb eʼlon qildi. Uning yetakchisi Usoma bin Lodin qayerdaligi haqidagi maʼlumot uchun 25 million AQSh dollari miqdorida mukofot taklif qilishdi. Usomaning Afgʻonistonda yashirinib yurgani gumon qilinib, AQSh va uning ittifoqchilari qoʻshini kiritildi. Prezident kichik Jorj Bush “terrorchilarni inida yoʻq qilishga” vaʼda berdi.
Avvaliga Usoma bin Lodin bu terorchilikka aloqasi borligini rad etdi. Fojiadan 5 kun oʻtib, 2001 yil 16 sentabr kuni “Al-Jazira” telekanali suxandoni Usoma bin Lodinning murojaatini oʻqib eshittirdi. Bu xatida “Al-Qoida” yetakchisi 11 sentabr voqealariga aloqadorligini qatʼiyan rad etgan.
2001 yil noyabr oyida esa AQSh askarlari Afgʻonistonning Jalolobod shahrida bir videokassetani qoʻlga kiritishdi. Unda Usomaning oʻz jangari yetakchilaridan biri Xolid al-Harbiy bilan birga 11 sentabr voqealarini muhokama qilayotgani aks etgan.

Videoda Usoma 11 sentabr voqealariga tayyorgarlik koʻrilayotganini avvaldan bilganini aytadi. Bu videomaterial 13 dekabr kuni eʼlon qilindi. Uning inglizcha tarjimasi ham Internetga joylandi.
Keyinchalik videodagi audiotrekning inglizchaga notoʻgʻri oʻgirilgani iddao qilindi: arabshunos Abdul Al-M.Husayniyning taʼkidlashicha, videotasvirning “Al-Qoida” yetakchisi 11 sentabr teraktlari uchun javobgarligini tan olgan, deb hisoblanadigan qismining inglizcha matni arab tilidagi tarjima matnga umuman mos kelmaydi.
“Ov” boshlanishi
The Washington Post gazetasi muxbirlari Barton Gellman va Tomas Riksga koʻra, 2001 yilning oxirida Tora-Bora janglari davomida Usoma bin Lodin Afgʻonistonning sharqiy chegarasi boʻylab joylashgan gʻorlar majmuasi ichida yashiringan boʻlgan. Biroq uni qoʻlga olish uchun ajratilgan jangchilarning yetishmovchiligi uning qochishiga imkon bergan va bu “Al-Qoida”ga qarshi urushdagi eng jiddiy muvaffaqiyatsizliklardan biri boʻlgan.
2002 yilda esa Jorj Bush “Men, aslida, unga (Usoma bin Lodinga) unchalik ahamiyat bermayapman”, deya bayonot berdi.
2007 yil 14-16 avgust kunlari Amerika va afgʻon qoʻshinlari Ramazon arafasida “Al-Qoida” aʼzolarining Tora-Borada uchrashuv oʻtkazayotgani haqidagi maʼlumot asosida hujum uyushtirdi va koʻplab toliblar hamda jihodchilarni yoʻq qildi. Biroq ular orasida Usoma bin Lodin yoʻq edi.
Barak Obamaning qatʼiy maqsadi
2008 yil 7 oktabrda prezidentlikka nomzodlar oʻrtasidagi ikkinchi debatlarda Demokratik partiya nomzodi Barak Obama shunday bayonot berdi: “Biz bin Lodinni oʻldiramiz. “Al-Qoida”ni yoʻq qilamiz. Bu milliy xavfsizlik uchun ustuvor vazifa boʻlishi kerak”.
Barak Obama prezidentlikka saylanganidan keyin AQShning “Al-Qoida” yetakchisi Usoma bin Lodinni topish majburiyatini qayta tiklash niyati borligini yana bir bor taʼkidladi. Obama global terrorizmga qarshi urushdan voz kechib, “Al-Qoida”ga qarshi kurashga eʼtibor qaratdi.
2011 yil aprel oyida Obama Usoma bin Lodinni qoʻlga olish yoki yoʻq qilish boʻyicha maxfiy amaliyot oʻtkazish haqida buyruq berdi.
“Neptun nayzasi” operatsiyasi tafsilotlari
Bu voqealardan bir necha yil oʻtgach, MRBning sobiq rahbari Usoma bin Lodin yoʻq qilingan "Neptun nayzasi" amaliyotini tayyorlash va oʻtkazish tafsilotlarini oshkor qildi.
AFP agentligiga bergan intervyusida MRBning sobiq rahbari Jon Brennan amaliyotni tayyorlash qanday kechgani haqida gapirib berdi.
Maʼlum boʻlishicha, 2010 yilda bir necha oy davomida AQSh razvedkasi "Al-Qoida"ning ehtimoliy kurerini kuzata boshlagan. U muntazam ravishda bitta uyga borib turar edi. Bir kuni shu uyda yuzining tuzilishi va soqoli bin Lodinga oʻxshagan uzun boʻyli, ozgʻin erkak koʻrinish bergani aniqlandi.

Biroq uning rostdan ham "birinchi raqamli terrorchi" ekaniga dalil yoʻq edi. Oq uyda tortishuvlar boshlandi: ayrimlar shubhalarning oʻzi yetarli emasligini va amaliyot xavfli ekanini taʼkidladi. Boshqalar esa qoʻlga kiritilgan maʼlumotlar operatsiya uchun asos boʻla olishini aytdi.
Hujum va "birinchi raqamli terrorchi"ning yoʻq qilinishi
Usoma bin Lodinga “Jeronimo” maxfiy kod nomi berilgan boʻlib, uning shaxsini aniq tasdiqlash shart edi, chunki uni qiyofadoshlari yoki boshqa soxtakorlardan farqlash lozim edi. Maxsus xizmatlar operatsiyani amalga oshirish uchun uchta variantni koʻrib chiqdilar: dron orqali uyga hujum qilish, havo zarbasi berish yoki vertolyotlardan desant tushirish orqali yerdagi amaliyotni oʻtkazish.
Birinchi ikki variant darhol rad etildi. Sababi, bin Lodin yashiringan uy shahar markazida joylashgan boʻlib, havo hujumi ortiqcha qurbonlarga sabab boʻlishi mumkin edi. Shuningdek, dron ham aynan Usoma bin Lodinni yoʻq qilishga kafolat bera olmas edi.

Shu sababli, xavfga qaramay, yagona toʻgʻri qaror yerdagi maxsus kuchlar orqali hujumni amalga oshirish boʻldi. Lekin oʻsha paytdagi AQSh davlat kotibi Hillari Klintonning taʼkidlashicha, bu harakatlar AQShning “dengiz piyodasi” va Pokiston armiyasi oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy toʻqnashuvga sabab boʻlishi ham mumkin edi.
Hujumni 2011 yil bahorida amalga oshirishga qaror qilindi. Juda maxfiy sharoitda SEAL boʻlinmalari va AQSh armiyasining maxsus Night Stalkers otryadlari bin Lodin yashiringan uyni takrorlovchi toʻliq masshtabdagi maketlarda mashgʻulotlar oʻtkaza boshladilar. Shuningdek, maxsus tayyorgarlik guruhi ham mashgʻulotlarni boshladi.
“Operatsiya barbod boʻlishiga sal qolgan”
Boshida “Neptun nayzasi” amaliyoti AQSh rasmiylari va jurnalistlari oʻrtasidagi anʼanaviy uchrashuv kuniga toʻgʻri kelishi kerak edi. Shubha uygʻotmaslik uchun tadbir bekor qilinmadi.
2011 yil 2 may kuni kechasi MRB direktori harbiylarga parvozga ruxsat berdi. Afgʻonistondan ikkita Black Hawk harbiy vertolyoti havoga koʻtarildi. Ular bortida AQSh harbiy-dengiz kuchlarining "Dengiz mushuklari" maxsus boʻlinmasidan 20 ga yaqin askar bor edi. Parvoz 1,5 soat davom etdi.
Abbotobodga qoʻnish paytida vertolyotlardan biri texnik nosozlikka uchradi. Obʼektga yetib borganlarida, bin Lodin uyi ustidan parvoz qilayotgan vertolyot kutilmaganda balandlikni yoʻqotdi.
“Dvigatellar tovushi oʻzgardi. Biz desant tushirish nuqtasiga yetib borishni kutar edik, lekin vertolyot titrab, uchuvchi uni nazorat qilish uchun juda koʻp kuch sarflayotgani sezilib turar edi”, – deb yozadi “Qiyin kun” kitobi muallifi, amaliyot ishtirokchisi Mett Bisonnett.
Maʼlum boʻlishicha, vertolyot havoda kuchli turbulentlikka uchrab, yon tomoniga ogʻib ketgan. Ammo ekipaj jiddiy jarohat olmadi. Harbiylar toʻxtamadi – qolgan guruhlar birlashib, hujumni davom ettirdilar.
Bu hodisa butun amaliyotni xavf ostida qoldirishi mumkin edi. Ammo yoʻqotishlar boʻlmadi va jangchilar tezlik bilan bin Lodin yashiringan uy tomon yoʻl oldi.
Bu voqealar Oq uyda jonli efirda kuzatib borilgan. Prezident va mamlakatning yuqori lavozimli shaxslari – AQSh Milliy xavfsizligi boʻyicha guruh aʼzolari katta hayajon bilan shturmni kuzatgan, buni esa keng jamoatchilikka eʼlon qilingan mashhur fotosurat tasdiqlaydi.

“Qurollangan va taslim boʻlishni istamagan”
Harbiylar yerga tushgach, 15 daqiqa davomida uy atrofini tozalashdi. Afgʻoniston vaqti bilan taxminan soat 01:00da (Vashington vaqti bilan 16:00) ular portlovchi moddalar yordamida devorlarni buzib, uyga kirishdi. Operatsiya 38 daqiqa davom etdi – bu vaqt mobaynida “Al-Qoida” yetakchisining qoʻriqchilari yoʻq qilindi, uy tintuvdan oʻtkazildi, hujjatlar va elektron maʼlumotlar olib ketildi.

Rasmiy izohga koʻra, bin Lodin qurollangan edi va taslim boʻlishdan bosh tortgan. Harbiylar uchinchi qavatga kirganlarida, u oʻz ayolini qalqon qilib olgan.
“Shu zahoti uning peshonasiga ikki marta oʻq uzdim. Bam-bam! Ikkinchi marta oʻq uzganimda u yiqila boshladi. U yotoq yonida yerga quladi, shundan soʻng yana bir marta oʻq uzdim. Uning oxirgi nafasini olganini oʻz koʻzim bilan koʻrdim”, – deydi bin Lodinni oʻldirgan desantchi Robert O'Nil.
Taxminan soat 01:00da “Al-Qoida” yetakchisi nobud boʻldi. Uning katta yoshli oʻgʻli, xabar tashuvchisi, uning ukasi va xotini ham oʻldirildi.
Shuningdek, amaliyot davomida “dengiz piyodalari” hujum tugagunga qadar ayollar va bolalarni bogʻlab qoʻyishdi, soʻngra ularni Pokiston harbiylariga topshirishdi.
Shturm boshlanganidan 20 daqiqa oʻtib, maxsus kuchlar radiosignal orqali xabar berdi: “Usoma bin Lodin topildi va yoʻq qilindi”. 2011 yil 2 may kuni Oq uy Usoma bin Lodinning Pokistonning Abbotobod shahridagi panohgohida oʻldirilganini rasman eʼlon qildi.
Koʻp oʻtmay, prezident Barak Obama butun dunyoga “Al-Qoida” asoschisi oʻldirilganini shaxsan maʼlum qildi.
Jasad identifikatsiya uchun avval Afgʻonistonga olib ketildi va uning shaxsi DNK tahlili orqali tasdiqlandi. Bin Lodin oʻlimidan 24 soat oʻtmay, dengizga dafn qilindi.
Ayrim izohlarga koʻra, Usoma bin Lodinning izdoshlari uning qabridan siyosiy-diniy maqsadlarda foydalanmasliklari va boshqa jihatlarni koʻzlab shunday qilingan.
AQSh vakillarining aytishicha, bin Lodinning jasadini hech qaysi davlat qabul qilishni istamasligi ehtimolidan shunday dafn qilish usuli tanlangan. Bin Lodin dengizga dafn etilganidan keyin 1 sutka oʻtgach, Arab dengizi shimoliy qismida navbatchilikda turgan AQShning “Karl Vinson” kemasi sahnida bin Lodinga shariat talablariga muvofiq janoza namozi oʻqilgan.
Shu oʻrinda operatsiyaga “Neptun nayzasi” nomi berilgani oʻzini oqlaganini aytish lozim: operatsiya “Dengiz mushuklari” maxsus guruhi tomonidan amalga oshirilgan, yoʻq qilingan obʼekt jasadi ham dengizga dafn etilgan. (Neptun – qadimgi Rim mifologiyasidagi dengizlar ilohi).
Soʻnggi soʻz
Usoma bin Lodinning yoʻq qilinishi – xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi eng muhim voqealardan biri hisoblanadi. 2001 yil 11 sentabr voqealari dunyo xavfsizlik tizimida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlib, AQSh va uning ittifoqchilari “Al-Qoida”ga qarshi keng koʻlamli harbiy amaliyotlarni boshlab berdi. MRBning “Neptun nayzasi” maxsus operatsiyasi xalqaro terrorizmga qarshi kurashdagi ulkan voqea boʻldi. Bu operatsiya xalqaro xavfsizlik kuchlari va razvedka hamkorligining muhim natijalaridan biri sifatida tarixga muhrlandi.
Abulfayz Sayidasqarov