platina.uz
Jamiyat

Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta metro bekati quriladi

Prezident Toshkentdagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish koʻzda tutilmoqda. 

Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta metro bekati quriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Mamlakatimizda investorlarga yaratilgan qulayliklar tufayli iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi oshib bormoqda. Toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar kiritilib, sanoat, qurilish, savdo, xizmat koʻrsatish sohalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida barpo etilgan “High Town City” majmuasi shulardan biri. U keng qamrovli boʻlib, savdo va koʻngilochar markazi, biznes markazi, mehmonxona va zamonaviy turar joylarni oʻz ichiga olgan. Bunga 510 million dollar toʻliq xorijiy investitsiya yoʻnaltirilgan.

Davlatimiz rahbari savdo markazidagi zamonaviy tijorat va xizmat turlarini koʻzdan kechirdi. 4 qavatli binoda savdo doʻkonlari, jumladan, mashhur brendlarning shoxobchalari ochilgan. Restoran va kafelar, koʻngilochar oʻyingohlar, sport maydonlari, kinoteatrlar el xizmatida. Yer ostida avtoturargoh bor.

Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda odamlar savdo qilishi, dam olishi, sport bilan shugʻullanib, vaqtini chogʻ oʻtkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Majmua bir kunda 5 ming kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Unda 1 ming 500 kishi ish bilan taʼminlandi.

Prezidentimiz majmuaning iqtisodiy ahamiyati va aholi uchun qulayligini eʼtirof etib, investor va tadbirkorlarga koʻmak berish bundan keyin ham davlatimiz siyosatining strategik yoʻnalishi boʻlib qolishini taʼkidladi. Milliy mahsulotlarimizni brendga aylantirish, ularni tashqi bozorlarda tanishtirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.

Savdo markazida shinam kitob doʻkoni ham ochilgan. Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni olqishlab, metro bekatlari, kutish joylarida ham moʻʼjaz kitob doʻkonlari tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.

Yaqinda 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona ham barpo etilishi rejalashtirilgan. Unda 250 ta xona boʻlib, bir vaqtning oʻzida 430 kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Katta va kichik konferensiya zallari, suzish havzalari, restoran va doʻkonlarda zamonaviy qulayliklar yoʻlga qoʻyiladi.

Davlatimiz rahbariga shu yerda quriladigan zamonaviy uy-joylar loyihasi taqdimot qilindi. Unga koʻra, 1 ming 500 ta xonadondan iborat 28 ta koʻp qavatli uy bunyod etiladi. Majmua hovlisi avtomobillar uchun yopiq va yashil hudud boʻladi. Bolalar bogʻchasi, oʻyin maydonchasi, tennis korti, yerosti avtoturargoh tashkil etiladi. Majmua hududi toʻliq Wi-Fi bilan qamrab olinadi hamda binolarda shovqinsiz liftlar oʻrnatiladi.

Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ham koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Prezident avval taqdim qilingan loyihalarni qayta koʻrib chiqish, boshqa muqobil takliflar kiritish boʻyicha topshiriq bergan edi.

Shunga muvofiq tayyorlangan yangi loyihaga koʻra, "Pushkin" metro bekatidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta bekat quriladi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.

Yana bir loyihaga koʻra, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tumanda urbanizatsiya jadallashib, yangi markaz paydo boʻladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid