Samarqandda hokim yordamchisi va uning jinoiy sherigi sudga tortildi
Ular issiqxona qurish, baliqchilik bilan shugʻullanish kabi bahonalar bilan bankdan olingan kredit mablagʻlarini oʻzlashtirishgan.

2025 yil 14 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Oqdaryo tuman sudining ochiq sud majlisida hokim yordamchisi va uning sheriklariga nisbatan hukm oʻqildi. Sud hukmi Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, X.A. Oqdaryo tumani “Istiqlol” mahallasi hokim yordamchisi lavozimida ishlab kelib, “Hashamatli uy” MChJ rahbari J.N. va fuqaro M.A. bilan oldindan oʻzaro jinoiy til biriktirgan. U bankdan issiqxona qurish uchun 30.000.000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratilishiga erishgan, ushbu kredit mablagʻlari bank tomonidan taʼminotchi tariqasida “Hashamatli uy” MChJ hisob raqamiga oʻtkazib berilgan boʻlsada, jamiyat tomonidan issiqxona qurib berilmasdan, kredit shartnomasida koʻrsatilgan xizmatlar haqiqatda bajarilmagan boʻlsada, soxta maʼlumotlarni qasddan kiritgan. Ushbu hisob-fakturani soxta ekanligini bilgani holda undan foydalanib “A” bank Loyish filialiga taqdim etib, byudjet hisobidan moliyalashtirilgan 30.000.000 soʻm kredit mablagʻlarini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
X.A. jinoiy hatti-harakatlarini davom ettirib, tadbirkor D.N bilan til biriktirib, yem yetkazib berish uchun 8.000.000 soʻm va baliqchilik hovuzi qurish uchun 27.000.000 soʻm jami 33.000.000 soʻm miqdorida kredit mablagʻlari ajratishga erishgan va pullarni talon-toroj qilgan. Hokim yordamchisi yana ikki holatda 33 mln soʻmlik kredit mablagʻlarini oʻzlashtirib yuborgan.
Shu tariqa sudlanuvchi X.A. bir guruh shaxslar bilan oldindan til biriktirib, takroran oʻziga ishonib topshirilgan oʻzganing mulkini rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilib, JK 167-moddasi 2-qismining “b,v” bandlarida koʻrsatilgan jinoyatni sodir qilgan.
Sudda soʻroq qilingan sudlanuvchilar X.A va tadbirkor N. D.lar oʻz aybiga qisman iqrorlik bildirdilar.
Yakuniy sud hukmiga koʻra, X.A.ga jazolarni qisman qoʻshish yoʻli bilan, uzil-kesil 1 yil muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda hamda hokim yordamchisi vazifasida ishlash huquqidan mahrum qilinib, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 1 yil 1 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
N. D.ga esa uzil-kesil 2 yil 3 oy muddatga davlat ishtirokidagi tashkilotlarda mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 8 oy muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Kredit qarzdorliklari toʻliq soʻndirilgan.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.