platina.uz

Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

2025 yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.

Iqtisod
20-mart, 12:22
Markaziy bank asosiy stavkani oshirdi

Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Ushbu qaror kelgusi oylarda kutilayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olib, inflyatsion kutilmalarni jilovlash, oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiya darajasini 5 foizlik targetga erishish uchun yetarli sharoitlar yaratishga qaratilgan.

2025 yil boshidan umumiy inflyatsiya darajasida biroz oʻsish kuzatilib, fevral oyi yakunlari boʻyicha yillik 10,1 foizni tashkil etdi.

Ushbu dinamika ayrim tovar va xizmatlar narxlarining oʻsishi hisobiga yuzaga keldi. Xususan, yoqilgʻi narxlari, kommunal, transport, taʼlim va tibbiy xizmatlar tariflari oshishi inflyatsion kutilmalarga ham oshiruvchi taʼsir koʻrsatdi va fevral oyida aholining inflyatsion kutilmalari 15,3 foizga, tadbirkorlik subʼektlarining kutilmalari esa 13,8 foizga teng boʻldi.

Soʻnggi oylarda xizmatlar inflyatsiyasi yuqori darajada shakllanishi iqtisodiyotda yalpi talab omillari, jumladan, transchegaraviy pul oʻtkazmalari va aholiga ajratilgan kreditlar faollashib borayotganligi bilan izohlanadi. Bu, oʻz navbatida, chakana savdo aylanmasi hamda pullik xizmatlardan tushumlar dinamikasida ham namoyon boʻlmoqda.

Yil boshidan asosiy savdo hamkorlar valyutalarining mustahkamlanishi taʼsirida real samarali almashuv kursi pasayish tendensiyasini namoyon etib, oʻzining oʻrta muddatli trendiga yaqinlashmoqda.

Iqtisodiyotdagi inflyatsion jarayonlarni maqbullashtirish hamda yalpi talab va taklif orasidagi muvozanatni taʼminlash pul-kredit sharoitlari qatʼiylik darajasini oshirishni taqozo etmoqda.

Yuqoridagi omillarni hisobga olgan holda, Markaziy bank boshqaruvi oʻrta muddatli istiqbolda narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida asosiy stavkani 0,5 foiz bandga oshirib, yillik 14 foiz darajasida belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.

Pul-kredit sharoitlarining qatʼiylashtirilishi umumiy talabni muvozanatli shakllanishiga va narxlarga oshiruvchi omillar taʼsirini kamaytirishi orqali kelgusi choraklarda inflyatsion jarayonlarning maʼlum darajada sekinlashishiga xizmat qilib, yil yakuni boʻyicha umumiy inflyatsiyani 7-8 foizgacha pasayishiga zamin yaratadi.

Markaziy bank oʻrta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik maqsadli darajasigacha pasayishini taʼminlash maqsadida pul-kredit sharoitlarini yetarli darajada qatʼiy shakllantirishni davom ettiradi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va narxlarga oshiruvchi bosimlar kelgusi choraklarda kutilganidan koʻra kuchayishi boʻyicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta koʻrib chiqiladi.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2025 yil 24 aprel kuniga belgilangan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+