Istanbulning muxolifatchi meri qoʻlga olindi: Turkiya boʻylab namoyishlar boʻlib oʻtmoqda
Mazkur siyosiy voqea sabab turk lirasi dollarga nisbatan keskin qadrsizlandi.

19 mart kuni Turkiyada Istanbul shahri meri Ekrem Imamogʻlu qamoqqa olindi.
Natijada Istanbul va Turkiyaning boshqa shaharlarida Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdoʻgʻonning boʻlajak prezidentlik saylovlarida asosiy raqibi sifatida koʻrilayotgan muxolifat meri Ekrem Imamogʻluning hibsga olinishiga norozilik bildirish maqsadida ommaviy namoyishlar boʻlib oʻtdi.
Namoyishlar Istanbul viloyati gubernatori tomonidan keyingi toʻrt kun davomida koʻcha namoyishlarini taqiqlash toʻgʻrisidagi buyrugʻiga va butun shahar boʻylab politsiyaning kuchli qarshiligiga qaramay boʻlib oʻtdi.

Politsiya shahar hokimiyatini oʻrab oldi, ayrim yoʻllar va markaziy Taksim maydonini toʻsib qoʻydi.
Namoyishchilar shahar hokimiyati, Imamogʻlu saqlanayotgan politsiya boʻlimi, Istanbul universiteti va boshqa joylarda toʻplanishgan.
Jumhuriyat Xalq partiyasi rahbari Oʻzgʻur Oʻzel shahar hokimiyati oldida yigʻilganlar oldida qilgan chiqishida “Boʻlgan voqea toʻntarishga urinish edi”, dedi. "Ekrem Imomogʻlu nomzod boʻlish erkinligidan mahrum qilinmayapti, bu xalq uni saylash erkinligidan mahrum qilinmoqda".
Merning rafiqasi Dilek Imamogʻlu uning hibsga olinishini “Turkiyaning boʻlajak prezidentini yoʻq qilishga qaratilgan maqsadli siyosiy operatsiya” deb atadi. "Bu millat uchun toʻgʻridan-toʻgʻri zarba va biz kurashamiz", dedi u.
Imamogʻlu 2019 yilda mer saylovlarida gʻolib chiqqan vva natijasi dastlab bekor qilingandi. Ammo oxir-oqibatda u lavozimga erishgandi. Yaqin yillar boʻladigan saylovda u Erdoʻgʻonga asosiy raqib sifatida koʻrilayotgandi.
Mazkur siyosiy voqea sabab turk lirasi 7 foizgacha qadrsizlandi.