DXX jami 1,2 mln dollardan oshiq pulni xorijga olib ketmoqchi boʻlganlarni ushladi
Ular mazkur mablagʻni deklaratsiyasiz, bojxona nazoratidan yashirib, Qozogʻistonga olib oʻtmoqchi boʻlgan.

Toshkent viloyatida jami 1,2 mln dollardan oshiq xorijiy valyutani mamlakatdan noqonuniy olib chiqilishiga chek qoʻyildi.
DXX xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Navoiy” chegara-bojxona postida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir jarayonida mamlakatimizdan qoʻshni davlat tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilgan. Unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Toshkent tumanida yashovchi, 1978 y.t. fuqaroga tegishli sellofan paketda 874 ming AQSh dollari borligi maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, u mazkur pul mablagʻini deklaratsiyasiz, bojxona nazoratidan yashirib, Qozogʻiston Respublikasiga olib oʻtmoqchi boʻlgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu xorijiy valyutalarni Toshkent shahridagi bozorlarda savdo qiluvchi shaxslardan yigʻib, mazkur ayolga bergan – poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1989 y.t. fuqaroning Toshkent tumanidagi vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, kelgusida Qozogʻiston Respublikasiga olib oʻtish uchun tayyorlab qoʻyilgan 399 ming 170 AQSh dollari borligi ham aniqlandi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida jami 1 mln. 273 ming 170 AQSh dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.