21 mart – butun dunyoda bayram
“Shohnoma”da Navroʻz ayyomiga yaqin qolganida chorshanba oqshomi (yilning oxirgi seshanbasi kech paytda) olov yoqilib bazmlar oʻtkazilganligi, oʻziga xos madaniyat va rasm-rusumlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar uchraydi.

Navroʻz dunyodagi eng koʻhna bayram. Maʼlumotlarga koʻra, 3 ming yildan ortiq tarixga ega. Koʻplab tarixiy adabiyotlar, manbalarda ham Navroʻz haqida, uning Sharq xalqlari hayotida tutgan oʻrni haqida qiziqarli maʼlumotlar qayd etilgan. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻoti-t-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Xayyomning “Navroʻznoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlari bunga yaqqol misol.
Xususan, “Shohnoma”da Navroʻz ayyomiga yaqin qolganida chorshanba oqshomi (yilning oxirgi seshanbasi kech paytda) olov yoqilib bazmlar oʻtkazilganligi, oʻziga xos madaniyat va rasm-rusumlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar uchraydi.
Bugungi kunda Navroʻz oʻzining umuminsoniy gʻoyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur oʻrin egallamoqda. U yer yuzining katta hududlari, jumladan, Xitoydan to Bolqon davlatlariga qadar choʻzilgan mintaqada istiqomat qilib kelayotgan xalqlar tomonidan birdek nishonlanadi. Bu esa bayramning davlatlararo munosabatlarga ijobiy taʼsir qilishini anglatadi.
Eronliklar Navroʻzni tabiatning uygʻonishi, bogʻu boʻstonlarning yashnashi hamda xalq quvonchi va umidining boshlanish pallasi deb biladilar. Ularning eʼtiqodicha, inson Navroʻzda tabiatning yashnashi bilan uygʻun tarzda yangi kiyimlar kiyib, yangicha ruhiyat va nigoh bilan yangi hayotni boshlashi kerak.
Nizomiy Ganjaviy “Haft paykar” dostonida deganidek, “Joma nav kun, ki fasli Navroʻz ast” (Mazmuni: Koʻylagingni yangilagin, chunki Navroʻz kirib keldi).
Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarori bilan 21 mart – Xalqaro Navroʻz kuni deb eʼlon qilinishi, bayramning YuNESKO tomonidan insoniyat nomoddiy madaniy merosi sifatida tan olinishi ham sayyoramizda istiqomat qiluvchi har bir insonni xalqaro bayramning toʻlaqonli ishtirokchisiga aylantirmoqda.
Bugungi kunda Yer yuzidagi 500 millionga yaqin aholi Navroʻzni keng nishonlaydi. Navroʻz umumxalq bayrami sifatida ahillik, oʻzaro birdamlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlarni kuchaytirish va insonlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, tinchliksevarlik, millatlararo totuvlik ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi bilan ham hayotimizda muhim oʻrin tutadi.
Akmal Jumamurotov,
jurnalist