Xorazmning uch tumaniga hokimlar tayinlandi
Ilgari Xonqa tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Murodbek Davlatov Shovot tumaniga oʻtkazildi.

Xorazmning uch tumaniga hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.
Dastlab Hazorasp tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi.
Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Xorazm viloyati hokimi Joʻrabek Rahimov Hazorasp tumani hokimi lavozimiga Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Milliy kadrlar zahirasidan Tuproqqalʼa tumanidagi "NEW BEST STYLE" MChJ taʼsischisi Abdullayev Maqsudbek Hojiyevich nomzodini tavsiya etdi. Muzokarada soʻzga chiqqanlar nomzodni yakdillik bilan qoʻllab- quvvatladilar. Abdullayev Maqsudbek Hojiyevich Hazorasp tumani hokimi lavozimiga bir ovozdan tasdiqlandi.
Joʻrabek Rahimov Xonqa tumani hokimi lavozimiga Davlatov Ulugʻbek Jumaniyozovich nomzodini tavsiya etdi. Muzokaralardan keyin deputatlar nomzodni bir ovozdan maʼqulladilar.
Yangi lavozimga tasdiqlangunga qadar Davlatov Ulugʻbek Jumaniyozovich Yangibozor tumani hokimining moliya iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Shovot tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiyada tashkiliy masala koʻrildi. Viloyat hokimi Joʻrabek Rahimov sessiya qatnashchilariga Shovot tumani hokimi lavozimiga Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligining Milliy kadrlar zahirasidan tavsiya etilgan nomzod - ilgari Xonqa tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Davlatov Muradbek Saparboyevichni tanishtirdi.
Sessiyada viloyat hokimining Davlatov Muradbek Saparbayevichni Shovot tumani hokimi etib tayinlash toʻgʻrisidagi qarori deputatlar tomonidan bir ovozdan tasdiqlandi.