Toshkentda isitish mavsumi 18 martdan yakunlanadi
Soʻnggi hafta davomida poytaxtda kunduz kunlari havo harorati +18-19° va undan yuqori, kechalari esa +8° dan pastga tushmayapti.

Toshkentda 18 martdan isitish mavsumi yakunlanmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi xabar berdi.
Belgilangan meʼyorlarga koʻra, isitish mavsumi oʻrtacha sutkalik havo harorati +8° dan yuqori boʻlgan 5 kunlik davr tugagan kunning ertasidan boshlab tugaydi.
Soʻnggi hafta davomida Toshkentda kunduz kunlari havo harorati +18-19° va undan yuqori, kechalari esa +8° dan pastga tushmayapti.
Gidrometeorologiya markazining prognoziga koʻra, yaqin 5 kun ichida kunduzgi havo harorati +20-22°C, kechasi esa +10°Cdan yuqori boʻladi.
Ayni paytning oʻzida ham poytaxtda oʻrtacha sutkalik harorat +12-13° dan oshgan, bu isitish mavsumini yakunlash uchun belgilangan meʼyorlarga mos keladi, ddeyiladi hokimlik xabarida.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, 2024-2025-yillardagi isitish mavsumi rasman 2025 yil 18 martda yakunlanadi.