Samarqandda turli xarajatlar uchun 35 mlrd soʻmga yaqin mablagʻ ajratilmoqda
Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan Samarqand toʻgʻrisida videolavha tayyorlash uchun 4,4 mlrd soʻm beriladi.

Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi mablagʻ ajratish boʻyicha ikki qarorni imzoladi. Har ikkala qaror 17 mart kuni imzolangan.
Jumladan, viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan Samarqandning qadimiy tarixiy ildizlarini oʻrganish va “Afrosiyob” yodgorligida, Amir Temur arkida fanlararo tadqiqod usullarini qoʻllash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirish bilan bogʻliq xarajatlar uchun bir milliard bir yuz yetmish million soʻm mablagʻ ajratiladi.
Ikkinchi qarorga koʻra esa viloyat mahalliy byudjetining 2025 yil 1 yanvar holatiga shakllangan erkin qoldiq mablagʻlari hisobidan ilovaga muvofiq tadbirlarni amalga oshirish uchun oʻttiz uch milliard besh yuz uch million yuz ming mln soʻm mablagʻ ajratilishi belgilangan.
Jumladan, Mustaqillikning 34 yilligi munosabati bilan Samarqand toʻgʻrisida videolavha tayyorlash uchun 4,4 mlrd soʻm beriladi.Ehtiyojmand oilalar xotin-qizlarining kontrakt pullarini qoplash uchun 586 mln soʻm, maktablarni xorijiy tillarni oʻrganish uchun adabiyot va boshqa qurilmalar bilan taʼminlash uchun 1 mlrd soʻm taqdim etiladi.
Urgutdagi harbiy qism uchun turar joy binosini qurish uchun 4,7 mlrd soʻm, Samarqand shahridagi "Dinamo" shahri stadionining oʻrindiqlarini almashtirish va boshqa xarajatlar uchun 2 mlrd soʻm, Bulungʻur tumanidagi 5-umumtaʼlim maktabini taʼmirlash uchun 4,3 mlrd soʻm beriladi.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari uchun zarur kompyuter jihozlarini sotib olish uchun 5,1 mlrd soʻm berilishi koʻzda tutilgan.
Avvalroq Xorazmda byudjetdan 44 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratilgandi.