Xorazmda byudjet tashkilotlari uchun 44 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratildi
Viloyat hokimligiga ikkita xizmat mashinasi xarid qilish uchun 1,5 mlrd soʻm berilishi belgilangan.

Xalq deputatlari Xorazm viloyati kengashi qarori bilan byudjet tashkilotlari va byudjetdan mablagʻ oluvchilar uchun 44 mlrd 433 mln soʻmdan oshiq mablagʻ ajratildi. Qaror 2025 yil 17 mart kuni eʼlon qilingan.
Jumladan, Xorazm futbol klubi maydoni chim qoplamasi va VAR qurilmasi uchun 6 mlrd 650 mln soʻm, viloyatda choʻl oʻsimliklaridan "yashil qoplamalar" barpo etish uchun 610,2 mln soʻm ajratiladi.
Tuproqqalʼa tumanidan oʻtuvchi yoʻlda joylashgan Favqulodda yordam koʻrsatish maskani xarajatlariga 1,3 mlrd soʻm, Gʻazovot, Polvon va Shovot kanallari boʻylarida aholi va turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish uchun 1,8 mlrd soʻm beriladi.
Viloyat hokimligiga xizmat mashinasi xarid qilish uchun 1,5 mlrd soʻm, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zararlarni kompensatsiya qilish xarajatlariga 30 mlrd soʻmdan oshiq pul ajratilishi belgilandi.
Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi pullarning maqsadli ishlatilishini nazorat qiladi.