Tashqi reklamalar sabab qator tashkilotlar jarimaga tortildi
Ular orasida KFC, CARVON savdo belgilari va boshqalar bor.

Tashqi reklamalar boʻyicha qator tashkilotlar jarimaga tortildi.
Raqobat qoʻmitasining Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning fevral oyi davomida reklama toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan oʻrganish va monitoring ishlari olib borildi.
Olib borilgan oʻrganish natijalariga muvofiq, Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan Toshkent shahrida faoliyat koʻrsatayotgan bir necha xoʻjalik yurituvchi subʼektlarga jarima belgilandi.
Jumladan, “UNG PETRO” MChJ (CARVON), “INTERNATIONAL FOODCHAIN” MChJ (KFC), “CENTRAL ASIA VOYAGES-CAV” MChJ (SAVDO MARKAZI), “HAMKOR REKLAMA SERVIS” MChJga nisbatan “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun hamda Vazirlar Mahkamasining “Tashqi reklama bozorini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 104-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilishi yuzasidan ishlar qoʻzgʻatilgan. Ularga moliyaviy jarimalar qoʻllash haqida qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yoʻl qoʻymaslik boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berildi.