Poytaxtda yoʻlovchilardan naqd pul talab qilgan avtobus haydovchisi ishdan boʻshatildi
Qoidabuzarlikka huquqiy baho olish maqsadida hujjatlar toʻplami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Toshkentda avtobus chiroqlarini oʻchirib, yoʻlovchilardan naqd pul yigʻib olgan haydovchi ishdan olindi.
13 mart kuni Telegram ijtimoiy tarmogʻida “Toshshahartransxizmat”ning 72-sonli yoʻnalishda harakatlanuvchi avtobus haydovchisi hamda sohaga begona boʻlgan fuqaro tomonidan harakatlanish davomida avtobus salonining chiroqlarini oʻchirgan holda yoʻlovchilardan yoʻl haqi uchun naqd pul talab qilganligi holati haqida post joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat” AJ bayonot berdi.
Postda keltirilgan holat videokuzatuv moslamalari tekshirilganda haqiqatda sodir boʻlganligi aniqlandi.
Shu kuni holat yuzasidan tezkor tanqidiy yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilishda haydovchi J.Xning sodir etgan qoidabuzarligi muhokama qilinib, korxona ichki tartib intizomini oʻta qoʻpol ravishda buzganligi uchun haydovchi J.X bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Shuningdek, mazkur holat boʻyicha haydovchi J.Xning sodir etgan qoidabuzarligiga huquqiy baho olish maqsadida, hujjatlar toʻplami huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.
Eslatib oʻtamiz, Toshkent shahar hokimining 2024 yil 13 dekabr kunidagi qaroriga asosan, 2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahar avtobuslari salonida naqd pul qabul qilish amaliyoti toʻxtatilgan.