Markazlashgan issiqlik taʼminoti qamrovi 58 foizgacha oshiriladi
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida "Issiqliktaʼminoti" AJ tashkil etiladi.

Issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasi tubdan isloh qilinadi.
“Uy-joy hamda bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan taʼminlash sohasini tubdan isloh qilish hamda binolarning energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-100-son, 11.03.20225 y.) qabul qilindi.
Qarorga koʻra, uy-joy va bino-inshootlarni issiqlik energiyasi bilan barqaror taʼminlash hamda binolarning energiya samaradorligini oshirishning kelgusi 5 yildagi asosiy yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:
-sohada yagona davlat siyosatini yuritish, ilgʻor xorijiy tajribalar asosida strategik takliflarni ishlab chiqish, issiqlik taʼminoti korxonalari faoliyatini boshqaruvchi va muvofiqlashtiruvchi tashkilot tashkil etish;
-markazlashgan issiqlik taʼminotiga ulanmagan toʻrt va undan yuqori qavatli koʻp kvartirali uy-joylarning isitish tizimida lokal qozonxonalar qurish va boshqa muqobil texnologiyalarni joriy etish hisobiga bir xonadonning gazga boʻlgan talabini kamida 20 foizga kamaytirish.
Quyidagi tadbirlar amalga oshiriladi, jumladan:
-markazlashgan issiqlik tizimlaridagi eskirgan 103 ta qozonxona va 1,6 ming kilometr issiqlik tarmogʻi yangilanadi;
-davlat-xususiy sheriklik asosida 9 ta, xalqaro moliya institutlari ishtirokida 13 ta shahar va tumanda modernizatsiya loyihalari amalga oshiriladi;
-markazlashgan issiqlik taʼminoti qamrovi 37 foizdan 58 foizgacha yetkaziladi, tizimdagi yoʻqotishlar 38 foizdan 20 foizgacha qisqartiriladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi huzurida “Issiqliktaʼminoti” AJ tashkil etiladi hamda vazirlikka issiqlik taʼminoti sohasida yagona davlat siyosatini yuritishni yuklanadi.
2025 yil 1 iyundan:
-moliyalashtirish manbalaridan qatʼi nazar qurilishda texnik shartlar olinishi talab qilinadigan bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obʼektlarning loyiha hujjatlarida binolarning oʻz ehtiyojlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari va muqobil issiqlik tizimlari hamda energiya tejovchi uskunalarni majburiy oʻrnatish talabi kiritiladi;
-koʻp kvartirali uy-joylar va binolarning ichki issiqlik va issiq suv tarqatuvchi tizimlarining qurilishi, inshootlar va tarmoqlarda hisoblagichlarning toʻliq oʻrnatilishi majburiy hisoblanadi;
- markazlashgan issiqlik taʼminoti mavjud hududlarda yangi qurilayotgan koʻp kvartirali uy-joylar, maʼmuriy binolar, ijtimoiy soha muassasalari, sanoat va tadbirkorlik subʼektlari bino va inshootlarining issiqlik tarmoqlariga ulanishi majburiy hisoblanadi.