platina.uz
Tahlil

Pekinning Moskvaga munosabati oʻzgarmoqda

Xitoy anʼanaviy ravishda Rossiya bilan strategik sheriklikni saqlab qolishga intiladi, ammo global siyosiy vaziyat oʻzgarib borar ekan, oʻz pozitsiyasini manyovr qilishga majbur boʻlmoqda.

Pekinning Moskvaga munosabati oʻzgarmoqda
Fotokollaj: Platina.uz

Soʻnggi vaqtlarda Xitoy ommaviy axborot vositalarida (OAV) Ukraina mavzusining yoritilishi ritorikasida sezilarli oʻzgarishlar kuzatilmoqda. Avvallari neytral yoki Rossiyaga nisbatan tushunish bilan yondashgan Xitoy media resurslari endilikda Ukrainaga va uning xalqiga nisbatan koʻproq hamdardlik va qoʻllab-quvvatlash ruhida materiallar taqdim etmoqda.

Bu oʻzgarishlar, ayniqsa, AQSh prezidenti Donald Trampning Ukrainaga nisbatan siyosatidagi oʻzgarishlar, jumladan, Xitoy tovarlariga bojxona bojlarining keskin oshirilishi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinlashuvi fonida yaqqol namoyon boʻlyapti. Aftidan, Trampning Ukrainaga harbiy yordamni toʻxtatishi va Rossiya bilan yaqin aloqalar oʻrnatishi Xitoy hukumatini oʻz pozitsiyasini qayta koʻrib chiqishga undagan koʻrinadi.

Ukrainaga hamdardlik paydo boʻldi

Masalan, Xitoyning yetakchi nashrlaridan biri boʻlgan "Jenmin Jibao" gazetasi yaqinda Ukrainadagi insonparvarlik inqirozi haqida maqola chop etdi, unda ukrain xalqining azob-uqubatlari va ularga koʻrsatilayotgan yordamlar haqida soʻz yuritiladi.

Bundan tashqari, Xitoyning markaziy televideniyesi (CCTV) Ukrainadagi bolalarning urushdan qanday jabr koʻrayotgani haqida maxsus reportaj tayyorladi.

Shuningdek, yaqindan boshlab, Xitoyning (Honkong) “Feniks TV” telekanali Rossiya-Ukraina mojarosi voqealarini Ukraina tomondan turib yoritishni boshladi.

Avvalroq Rossiya ommaviy axborot vositalari va Telegram kanallarida xuddi shu telekanalning boshqa harbiy muxbiri Lyu Yuguang Rossiya harbiy qismlarida turib, Ukrainaga bosqin haqida Moskva pozitsiyasiga mos reportajlarini eʼlon qilgan edi.

Maqsad nima?

Pekinning bevosita maqsadi Kiyevga qaratilgan tinchliksevar ritorikasini kuchaytirish va oʻzining “betarafligini” namoyish etish hamda Ukrainaning Xitoyni rossiyaparast ittifoqchi sifatida qabul qilishiga yoʻl qoʻymaslikdir.

Xitoy OAVdagi bu kabi oʻzgarishlarni xalqaro hamjamiyat tomonidan Pekinning Moskvaga nisbatan munosabati oʻzgarganining belgisi sifatida tushunish mumkin. Xitoyning Ukrainaga nisbatan ijobiy munosabati va hamdardlik koʻrsatishi mamlakatning tashqi siyosatdagi yangi yoʻnalishini aks ettirishi mumkin.

Shu bilan birga, Xitoy hukumati rasman oʻz pozitsiyasini oʻzgartirgani haqida bayonot bermagan boʻlsa-da, OAVdagi bu oʻzgarishlar Pekinning kelajakdagi tashqi siyosatiga oid signallar sifatida qaralmoqda.

Ayrim ekspertlarning aytishicha, Pekin Ukraina boʻyicha Tramp va Putin oʻrtasida ikki tomonlama kelishuvning oldini olish maqsadida Yevropaning mojaroni hal qilishdagi rolini har tomonlama ortiqcha baholashga intiladi.

Masalan, Xitoyning Yevropadagi maxsus vakili Lu Shaye: “Ukraina boʻyicha tinchlik kelishuvi faqat AQSh va Rossiya tomonidan belgilanmasligi kerak… Mening fikrimcha, yevropalik doʻstlarimiz Tramp maʼmuriyatining siyosati bilan Xitoy hukumatining pozitsiyasini taqqoslab koʻrib, yaxshiroq xulosa chiqarishlari lozim. Agar shunday qilishsa, Xitoy diplomatik yondashuvining tinchlik, doʻstlik, ezgu niyat va oʻzaro manfaatli hamkorlikka asoslanganini koʻrishadi”, degan.

“Har qanday tinchlik jarayoni barcha manfaatdor tomonlarning, jumladan, Yevropa davlatlarining ishtirokini nazarda tutishi kerak. Bu faqat AQSh va Rossiya tomonidan hal qilinmasligi lozim, ayniqsa, Yevropa bunday diplomatik harakatlar vaqtida oʻz pozitsiyasini chetga surib qoʻyayotgani xavotirli”, degan Xitoy vakili.

Shunchaki zaxira diplomatiyami?

Umuman olganda, Xitoy siyosati merkantil, sinik va koʻp yoʻnalishlidir. Unda doimo B, C va D rejalari mavjud boʻlib, dunyoda qaysi tendensiyalar ustunlik qilayotganiga qarab amalga oshiriladi.

Shu munosabat bilan, “parallel” muqobillarni ishlab chiquvchi mexanizmlar ham mavjud.

Trampning hokimiyatga qaytishi Pekin uchun Xitoyning Rossiya Ukrainaga qarshi bosqinini yakunlashdagi ishtiroki uchun yangi imkoniyatlarni ochdi.

AQSh, YeI, Rossiya va Ukraina – hech biri Xitoy bilan tinchlik jarayoni boʻyicha hamkorlik qilishga prinsipial ravishda qarshi emas.

Pekinning yaqin muddatdagi vazifalari, bular, avvalo Kiyev uchun moʻljallangan tinchlikparvar ritorikani kuchaytirishdan iborat. Bu Xitoyning “neytralitet”ini namoyish etish va Ukraina jamoatchiligida Xitoyni prorossiyalik ittifoqchi sifatida qabul qilishini kamaytirish uchun zarur.

Shuningdek, Xitoy Yevropa rolini sunʼiy ravishda oshirishga intilishi mumkin. Bu Tramp va Putin tomonidan Ukraina boʻyicha ikki tomonlama qaror qabul qilish ehtimolini susaytirishga xizmat qiladi.

Qolaversa, AQSh – YeI va AQSh – Rossiya oʻrtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirish orqali mojaroni tartibga solish jarayoniga oʻz taʼsirini oshirishga ham harakat qilishi shubhasiz.

Ehtimol aksinchadir?

Shu bilan birga, bu borada mutlaqo oʻzgacha qarashlar ham mavjud. Ularga koʻra, Pekin Moskva va Vashington yaqinlashuvidan mamnun!

AQSh va Rossiya Ukrainadagi urushni toʻxtatishni muhokama qilayotgan bir paytda, Pekin katta saʼy-harakatlarsiz oʻzining asosiy maqsadlariga yaqinlashmoqda – Rossiya bilan sheriklikni saqlab qolish, transatlantik ittifoqni zaiflashtirish va Yevropa bilan munosabatlarni yaxshilash shular jumlasidandir.

Moskva bergan signallar tufayli Xitoy Amerika-Rossiya munosabatlarini qayta tiklash jarayonini Rossiya-Xitoy aloqalariga zarar keltirmaydi, deb baholamoqda.

Ukrainada tinchlik oʻrnatilishi va AQSh-Rossiya munosabatlarining normallashuvi Xitoyga iqtisodiy va geosiyosiy jihatdan foyda keltiradi, chunki soʻnggi uch yil davomida Xitoyning Rossiyaga yaqinligi boʻyicha tanqidlar susayadi.

Bundan tashqari, bu jarayon Yevropa va AQSh oʻrtasidagi ziddiyatlarni kuchaytirib, Pekinning strategik maqsadlaridan biri – Yevropa bilan aloqalarni yaxshilash va transatlantik ixtilofni chuqurlashtirishga xizmat qilishi mumkin. Xitoy bu pozitsiyani mustahkamlash maqsadida Yevropani Ukrainaga doir har qanday muzokaralarga jalb etish zarurligini bir necha marta taʼkidladi.

Ayrim tahlilchilar AQSh Rossiyani Xitoydan uzoqlashtirish uchun “Niksonning teskari strategiyasi”ni amalga oshirishga urinmoqda, degan taxminni ilgari surmoqda. Ammo hozircha hech bir taraf bu munosabatlarni tugatish uchun jiddiy ragʻbatga ega emas.

Loʻndasini aytsak..

Xitoy OAVda Ukraina mavzusining yoritilishidagi oʻzgarishlar Pekin tashqi siyosatidagi ehtimoliy korreksiyadan dalolat berishi mumkin. Xitoy anʼanaviy ravishda Rossiya bilan strategik sheriklikni saqlab qolishga intiladi, ammo global siyosiy vaziyat oʻzgarib borar ekan, Pekin oʻz pozitsiyasini manyovr qilishga majbur boʻlmoqda. Bu esa uni Ukrainaga nisbatan diplomatik yondashuvini qayta koʻrib chiqishga undaydi.

Shu bilan birga, Xitoy oʻzini mojaroni tartibga solishda teng huquqli ishtirokchi sifatida koʻrishni xohlaydi. Yevropaning rolini kuchaytirishga boʻlgan urinishlar aynan shu maqsadga xizmat qilishi mumkin. Pekinning neytral ritorikasi va Ukrainaga nisbatan gumanitar yondashuvi uning xalqaro maydonda oʻz obroʻsini mustahkamlashga qaratilgan saʼy-harakatlaridan biridir.

Vashington va Moskva oʻrtasidagi ehtimoliy yaqinlashuv Xitoy uchun maʼlum siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi. Bir tomondan, bu Xitoy-Rossiya aloqalariga jiddiy zarar yetkazmaydi, ikkinchi tomondan esa AQSh va Yevropa oʻrtasidagi ziddiyatlardan foydalanish imkonini beradi. Xitoy xalqaro diplomatiyada oʻz manfaatlarini himoya qilish uchun bir nechta yoʻnalishda harakat qilmoqda va bu strategiyasi Pekinga kelajakdagi geosiyosiy oʻzgarishlarga moslashish imkonini beradi.

Yakuniy xulosa shuki, Xitoyning Ukrainaga nisbatan media va diplomatik yondashuvi uning umumiy tashqi siyosatining bir qismi sifatida qaralishi lozim. Pekin vaziyatni diqqat bilan kuzatib, oʻz pozitsiyasini real siyosat nuqtai nazaridan shakllantirishda davom etadi. Xitoy uchun asosiy maqsadlar – Rossiya bilan hamkorlikni saqlab qolish, Yevropaga taʼsirini oshirish va global diplomatik jarayonlarda hal qiluvchi rol oʻynashdir.

Abulfayz Sayidasqarov

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid