platina.uz
Jamiyat

Oʻzlashtirishga qarab grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi

Ijtimoiy toifadagi abituriyentlarga esa qoʻshimcha grantlar ajratiladi.

Oʻzlashtirishga qarab grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi

Oʻzlashtirish koʻrsatkichiga qarab talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi.

Hukumatning tegishli qarori bilan (№149, 10.03.2025) Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga koʻra, taʼlim grantiga talabgorlardan joriy oʻquv yilida oʻzlashtirish koʻrsatkichi boʻyicha GPA koʻrsatkichi 3,5 va undan yuqori boʻlishi talab etiladi. Oʻzlashtirishi ushbu koʻrsatkichdan past boʻlgan talabalarning taʼlim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi va taʼlim granti oʻrni vakant qoladi.

Taʼlim grantiga talabgorlar uchun oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn roʻyxatdan oʻtish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.

Taʼlim grantiga talabgorlarning oʻzlashtirish koʻrsatkichlari mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi, bunda GPA koʻrsatkichini “16” soniga koʻpaytirish orqali aniqlanadi.

Taʼlim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik koʻrsatkichi 20 ballik mezonda baholanadi, bunda baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga boʻlish orqali aniqlanadi.

Belgilangan taʼlim granti oʻrinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija koʻrsatgan talabgorlarning akademik oʻzlashtirish koʻrsatkichiga ustuvorlik beriladi. Agar oʻzlashtirish koʻrsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun oʻzlashtirilgan semestrlarda oʻtilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari oʻtkaziladi.

Oliy taʼlim tashkiloti kengashining qaroriga asosan taʼlim grantini oluvchi talabalar roʻyxati har yili 25 avgustga qadar oliy taʼlim tashkilotining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.

Hukumat qaroriga koʻra, bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10 foizgacha boʻlgan miqdorda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan toifadagi abituriyentlar (keyingi oʻrinlarda - belgilangan toifadagi abituriyentlar) uchun davlat granti asosidagi qoʻshimcha qabul parametrlari ajratiladi.

Bunda muayyan bakalavriat taʼlim yoʻnalishi boʻyicha davlat grantiga oʻtish balining 80 foizi va undan yuqori ball toʻplagan belgilangan toifadagi abituriyentlar ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda talabalikka tavsiya etiladi.

Mazkur imtiyoz abituriyent roʻyxatdan oʻtishda tanlagan birinchi bakalavriat taʼlim yoʻnalishiga hamda ushbu taʼlim yoʻnalishiga kirishda Davlat komissiyasi tomonidan davlat grantiga belgilangan minimal oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplagan abituriyentlarga nisbatan qoʻllaniladi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid