Ozarbayjon va Armaniston tinchlik shartnomasini imzolashga kelishdi
Ular ikki masala boʻyicha tortishib kelayotgandi. Shulardan biri hududiy daʼvolar bilan bogʻliq.

Ozarbayjon va Armaniston tinchlik shartnomasi imzolashga tayyorligini tasdiqladi.
"Ozarbayjon va Armaniston oʻrtasidagi tinchlik bitimi matni boʻyicha muzokaralar jarayoni allaqachon yakunlandi", dedi Ozarbayjon tashqi ishlar vaziri Jeyhun Bayramov. Vazir jurnalistlarga barcha masalalar boʻyicha kelishib olinganini qoʻshimcha qildi.
Ozarbayjonning APA axborot agentligining yozishicha, kelishib olinmagan nuqtalardan biri xalqaro miqyosda bir-biriga daʼvo qilmaslik boʻlsa, ikkinchisi Ozarbayjon va Armaniston chegarasiga boshqa davlat vakillarini joylashtirmaslik edi.
Keyinroq tinchlik shartnomasining tayyorligi Armaniston tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlandi.
“Armaniston Tashqi ishlar vazirligi “Armaniston Respublikasi va Ozarbayjon Respublikasi oʻrtasida tinchlik va davlatlararo munosabatlarni oʻrnatish toʻgʻrisida”gi shartnoma loyihasi maʼqullanganligi va loyihani tasdiqlash boʻyicha muzokaralar yakunlangani faktini tasdiqlaydi. Shunday qilib, tinchlik shartnomasi imzolanishga tayyor. Armaniston Respublikasi Ozarbayjon Respublikasi bilan Bitimni imzolash vaqti va joyi boʻyicha maslahatlashuvlarni boshlashga tayyor”, — deyiladi mamlakat TIV bayonotida.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bitim imzolash vaqti haqida gapirar ekan, shunday dedi:
“Biz shartnoma imzolashga tayyorligini, imzolanish sanasi va joyi boʻyicha muhokamalarni boshlashga tayyormiz. Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi ikki tomonlama formatdagi muzokaralarni boshlashga tayyor ekanliklari haqida bayonot berdi. Ularning oʻz gʻoyalari bor, bizda esa oʻzimizniki bor va bu muhokamalar davomida biz bu gʻoyalarni bir-biriga uygʻunlashtirishga harakat qilamiz, deb oʻylayman”.