platina.uz

"Yashil hudud" DUK direktori Oʻrmon xoʻjaligi agentligi mutaxassisi bilan katta mablagʻni oʻzlashtirib yubordi

Ular "Yashil bogʻ"lar barpo etish boʻyicha ajratilgan shartnoma pullarini talon-toroj qilishgan. 

Jamiyat
13-mart, 15:32
"Yashil hudud" DUK direktori Oʻrmon xoʻjaligi agentligi mutaxassisi bilan katta mablagʻni oʻzlashtirib yubordi

2025 yil 4 mart kuni jinoyat ishlari boʻyicha Pop tumani sudida Namangan viloyat “Yashil hudud” DUK sobiq rahbari va Oʻrmon xoʻjaligi agentligi mutaxassisi ishi koʻrib chiqildi. Sud ishi Platina.uz ixtiyorida mavjud.

Maʼlum boʻlishicha, A.U. 2023 yil 17 apreldan shu kunga qadar Namangan viloyat “Yashil hudud” DUK direktori boʻlgan lavozimida ishlab kelgan. U xizmat vazifasidan foydalanib, jinoyat sodir etish yoʻliga kirib, Oʻrmon xoʻjaligi agentligi hududlar monitoringi bosh mutaxassisi I.X. bilan bir guruh boʻlib, qator jinoyatlarni sodir etgan.

Jumladan, buyurtmachi Oʻrmon xoʻjaligi agentligi va pudratchi Namangan viloyat hududiy “Yashil hudud” DUK oʻrtasida 1.195.000.000 soʻmlik “Yashil bogʻ”lar barpo etish boʻyicha 13 ta pudrat shartnomalari tuzilgan. Mazkur shartnomalar boʻyicha 2023 yil 29 dekabrda tuzilgan hisobfakturalarga asosan buyurtmachi tomonidan jami 13 ta obʼektda bajarilgan ishlar uchun 1.087.000.000 soʻm mablagʻlar pudratchi Namangan viloyat “Yashil hudud” DUK hisob-raqamiga oʻtkazib berilgan.

A.U. esa I.X bilan bir guruh boʻlib, tumanlarda jami 336.000.000 soʻmlik amalda bajarilmagan sugʻorish tizimidagi ishlarni 2023 yil 29 dekabrda tuzilgan hisob-fakturalarga takroran soxta maʼlumotlar kiritib, rasmiy hujjat hisoblangan hisob-fakturalarni qalbakilashtirib, jami 336.000.000 soʻmlik juda koʻp miqdordagi byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilishgan.

Sudda har ikkala ayblanuvchi oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi.

Yakuniy sud hukmiga koʻra, A.U.ga uzil-kesil ish haqining yigirma foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil 24 kun axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

I.X.ga esa uzil-kesil oʻtash uchun 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 55 baravari miqdorida 18.700.000 soʻm jarima jazosi tayinlandi.

Jarima davlat foydasi undirilishi belgilangan. Ish boʻyicha yetkazilgan zarar toʻliq qoplangan.

Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+