platina.uz

Sadir Japarov va Emomali Rahmon chegara boʻyicha kelishuvni imzoladilar

Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi qariyb 1000 km uzunlikdagi chegara vaqti-vaqti bilan toʻqnashuv zonasiga aylanib qolgandi. 

Jahon
13-mart, 13:09
Sadir Japarov va Emomali Rahmon chegara boʻyicha kelishuvni imzoladilar

Qirgʻiziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Bishkekda davlat chegarasi haqidagi kelishuvni imzoladi. Chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha muzokaralar 2002 yildan beri davom etib kelayotgandi.

Hujjat imzolanishi Tojikiston prezidentining Bishkekka rasmiy tashrifi doirasida Qirgʻizistonning “Birlashish markazi” davlat qarorgohida boʻlib oʻtdi. Muzokaralar yakunida Japarov va Rahmon qoʻshma bayonotni imzoladilar.

Xususan, tomonlar ikki davlat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni faollashtirish uchun barcha zarur choralarni koʻrishga kelishib oldilar.

Fevral oyida ikki davlat vakillari Bishkekda chegaraning umumiy uchastkasini delimitatsiya qilish boʻyicha protokol imzolagan edi.

Oʻtgan yilning dekabr oyida Qirgʻizistonning Batken shahrida Tojikiston va Qirgʻiziston delegatsiyalari rahbarlarining chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish boʻyicha uchrashuvi boʻlib oʻtgan edi. Tomonlar kelishuvga erishdilar va bahsli hududlar tavsifini yakunladilar.

Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasidagi qariyb 1000 km uzunlikdagi chegara vaqti-vaqti bilan toʻqnashuv zonasiga aylanib qolgan. Eng yirik mojarolar 2021 va 2022 yillarda sodir boʻlgan. 2021 yilda uch kunlik janglarda 36 nafar Qirgʻiziston va 19 nafar Tojikiston fuqarosi halok boʻldi. 2022 yil sentabrida chegarada ikki kun davom etgan toʻqnashuvlar kamida 100 kishining oʻlimiga sabab boʻldi va 140 mingga yaqin kishi uy-joyini tark etdi. Oʻsha voqealardan soʻng tomonlar chegarani delimitatsiya qilish boʻyicha ishlarni faollashtirdilar.

Davlatlar chegarani birgalikda qoʻriqlash, mojaro hududidagi yoʻlni toʻsib qoʻyishga kelishib oldilar va tinchlik oʻrnatish toʻgʻrisidagi protokolni imzoladilar.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+