platina.uz

Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi

Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlandi. 

Siyosat
13-mart, 7:50
Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasida strategik sheriklik munosabatlari oʻrnatildi

Parij shahrida boʻlib oʻtgan muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Strategik sheriklik oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma deklaratsiyani qabul qildilar.

Davlat rahbarlari huzurida Mutaxassislar va talabalar harakatchanligi toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim, diplomatik pasport egalarini viza talablaridan oʻzaro ozod qilish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim hamda Fransiyaning yetakchi kompaniyalari bilan Oʻzbekistonda 6,5 milliard yevrolik istiqbolli kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishni nazarda tutuvchi Investitsiya va innovatsiya sohalaridagi hamkorlik dasturi almashildi.

Davlat tashrifi davomida quyidagilar ham imzolandi:

- Oʻzbekiston-Fransiya universitetini tashkil etish toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

- readmissiya toʻgʻrisida hukumatlararo bitim;

- tashqi ishlar vazirliklarining 2025-2026 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi;

- 2026-2030 yillarda Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlik dasturi;

- xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

- sogʻliqni saqlash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

- fransuz tilini oʻqitishni kengaytirish toʻgʻrisida bayonnoma;

- musiqa, kino va teatr sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya;

- Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi bilan Fransiya Madaniyat vazirligi, Madaniy meros milliy instituti va Markaziy Osiyo tadqiqotlari instituti oʻrtasidagi hamkorlik bitimlari;

- Toshkent va Parij shaharlari oʻrtasida sheriklik munosabatlarini oʻrnatish toʻgʻrisida bayonnoma va boshqa ikki tomonlama hujjatlar.

Tashrif doirasida Parij shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Fransiya Respublikasining oliy mukofoti - Faxriy legion ordeni bilan taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Yuksak mukofotni davlatimiz rahbariga Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron tantanali ravishda topshirdi.

Oʻzbekiston Prezidenti ikki mamlakat hamkorligini rivojlantirish, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va oʻzaro anglashuvni mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun ushbu ordenga sazovor boʻldi.

Mamlakatimiz yetakchisi mukofot uchun Fransiya rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, keyingi yillarda sermahsul hamkorlikda yuksak natijalarga erishilgani, ikki mamlakat munosabatlari strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Faxriy legion ordeni 1802 yilda taʼsis etilgan. Fransiyada ushbu orden alohida xizmatlarning davlat darajasida eʼtirof etilishi va shon-sharafning eng yuqori belgisi hisoblanadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+