Ukraina oʻt ochishni toʻxtatishga rozi boʻldi: asosiy yangiliklar
AQSh rahbari Donald Tramp esa Ukraina hatto oʻt ochishni butunlay toʻxtatishga tayyorligini bildirdi.

Ukraina harbiy harakatlarda 30 kunlik tanaffusga rozi boʻldi. Shuningdek, AQSh harbiy taʼminot va razvedka maʼlumotlarini almashishni tiklaydi. Bu haqda ikki davlatning Saudiya Arabistonidagi muzokaralari qoʻshma bayonotida aytiladi.
Ukraina va AQSh delegatsiyalari Jiddadagi muzokaralar yakunida qoʻshma bayonot berdi. Uning eng muhim jihati: Ukraina "Rossiya tomonidan qabul qilinishi va aniq bajarilishi sharti bilan tomonlarning oʻzaro kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin boʻlgan 30 kunlik vaqtinchalik sulhga" rozi boʻlishga tayyor.
Bayonotda, shuningdek, AQSh Ukrainaga xavfsizlik sohasida yordam va razvedka maʼlumotlari almashinuvini qaytadan boshlashi aytilgan.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat front boʻylab oʻt ochishni toʻxtatishga tayyorligini tasdiqladi.
Vaziyatga qarab 30 kunlik muddat uzaytirilishi mumkin.
AQSh rahbari Donald Tramp esa Ukraina hatto oʻt ochishni butunlay toʻxtatishga tayyorligini bildirdi. U shuningdek, tez orada Putin bilan gaplashishiga ishora qildi.
Hozirda Rossiya mazkur xabarlarga rasmiy javob berganicha yoʻq.