platina.uz

Shavkat Mirziyoyev Parijda YuNESKO bosh direktorini qabul qildi

Oʻzaro hamkorlik va Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish muhokama qilindi. 

Siyosat
12-mart, 15:05
Shavkat Mirziyoyev Parijda YuNESKO bosh direktorini qabul qildi

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 mart kuni Fransiyaga davlat tashrifi doirasida BMTning Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YuNESKO) bosh direktori Odri Azuleni qabul qildi.

BMT tizimidagi ushbu nufuzli tuzilma bilan samarali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari, shuningdek, joriy yilning kuzida Samarqand shahrida tashkilot Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Koʻp qirrali sheriklik bugungi kunda yuksak darajada ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan axborotdan foydalanish va bolalar taʼlimi masalalari boʻyicha rezolyutsiyalar qabul qilindi.

Mamlakat Madaniy boyliklarni saqlash va restavratsiya qilish boʻyicha xalqaro markazga aʼzo boʻldi. Buxoro "Kreativ shaharlar tarmogʻi"ga qoʻshildi.

Samarqanddagi Ipak yoʻli universitetida YuNESKO kafedrasi ochildi. Oʻtgan yili taʼlim, madaniyat, raqamli va innovatsion texnologiyalar sohalarida 7 ta yangi loyihani amalga oshirish boshlandi.

Turon choʻllari va Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi, ipakchilik, kulolchilik, rubob chalish va iftorlik anʼanalari, "Buxoro amiri devonxonasi arxivi", "Turkiston albomi", "Xudoybergan Devonov fotoalbomi" YuNESKOning maxsus roʻyxatlariga kiritildi.

Taʼkidlash joizki, Samarqand shahrida boʻlajak Bosh konferensiyaning 43-sessiyasi soʻnggi 40 yil ichida birinchi marta YuNESKOning Parij shahridagi qarorgohidan boshqa joyda oʻtkaziladi. Bu voqea tashkilotning 80 yilligiga toʻgʻri keladi.

Bosh direktor Odri Azule Oʻzbekiston bilan sermahsul hamkorlikni yuksak baholab, boʻlajak tadbirga keng koʻlamli tayyorgarlik koʻrilayotgani uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Amaliy hamkorlik dasturlarini yanada kengaytirish, shuningdek, YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasidagi forum va tadbirlarni tashkil etish boʻyicha yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+