Mixail Saakashvili 9 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi
Sobiq prezident qimmat kurortlarda dam olish, kosmetik klinikalar va kiyim-kechak sotib olishga qariyb sakkiz million lari sarflashda ayblangan.

Gruziyaning sobiq prezidenti toʻqqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Mixail Saakashvili 2009-2013 yillarda byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirganlikda aybdor deb topilgan. Prokuratura maʼlumotlariga koʻra, bu vaqt ichida sobiq prezident qimmat kurortlarda dam olish, goʻzallik klinikalariga tashrif buyurish va kiyim-kechak sotib olishga qariyb sakkiz million lari sarflagan.
"Roʻyxatda Londonda 28 600 dollarga sotib olingan yettita kurtka va kashmir sport paltosi, shuningdek, 4 600 dollarga qoʻlda ishlangan ikkita kostyum bor", deb yozadi Gruziyaning Newsgeorgia nashri.
Qimmatbaho kiyim-kechaklar tufayli sud jarayoni "koʻylak ishi" deb ataldi.
Tbilisi sudi qarori bilan Saakashvili toʻqqiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Sobiq siyosatchi hukmga rozi emas. Uning taʼkidlashicha, "koʻylak ishi" uning korrupsiyaga qarshi kurashchi obroʻsiga putur yetkazish uchun ochilgan.
Bu Saakashvilining "Gruziya orzusi" partiyasi hukmronligi davridagi uchinchi hukmidir. U allaqachon siyosiy raqiblariga hujum uyushtirgani uchun jazoni oʻtamoqda. Bundan tashqari, yana ikkita ish koʻrib chiqilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Gruziyadagi ommaviy norozilik namoyishlari fonida 2024 yil dekabr oyi oxirida Mixail Kavelashvili rasman mamlakat prezidenti lavozimini egallagan edi.