Jizzaxda madaniyat boʻlimi hisobchisi byudjet pullarini oʻzlashtirib yubordi
U noqonuniy ravishda oʻziga va boshqa xodimlarga ish haqi, mukofot va moddiy yordam pullari yozib kelgan.

2025 yil 18 fevral kuni Gʻallaorol tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirishda ayblangan hisobchiga hukm oʻqildi. Sud hujjati Platina.uz ixtiyorida mavjud.
Maʼlum boʻlishicha, A.P. Gʻallaorol tumani Madaniyat boʻlimida bosh hisobchisi lavozimida ishlab kelgan. U mansabdor boʻlgani holda, xarajatlar smetasi va shtatlar jadvaliga zid ravishda, ishchi xodimlar va oʻziga 16 mln. 253 ming 300 soʻm ortiqcha ish haqi toʻlab yuborib, byudjet mablagʻlarini oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, u jinoiy harakatlarini davom ettirib, yana jami 33 mln. 457 ming soʻm miqdoridagi byudjet mablagʻlarini xodimlarga noqonuniy tarzda mukofot, yordam puli va boshqa koʻrinishlarda toʻlab, pullarni oʻzlashtirish va rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilgan.
Shuningdek, A.P. hisobxonada foydalanilgan OʻzASBO dasturiga gʻarazgoʻylik manfaatini koʻzlab, bila turib 2023-2024 yillar davomida soxta maʼlumotlar va yozuvlar kiritib, davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi boʻlgan.
Sudda A.P. oʻz aybiga toʻliq iqrorlik bildirdi.
Sud sudlanuvchi A.P.ga jazo tayinlashda, uning oʻz aybiga toʻliq iqror boʻlib, qilmishidan chin koʻngildan pushaymonligini, jinoyat ishi boʻyicha yetkazilgan moddiy zararning toʻliq qoplanganligini, oilada yagona boquvchiligini, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, uning harakatlarida jazoni ogʻirlashtiruvchi holatlar mavjud emas deb baholadi.
Unga 1 yil 6 oy muddatga davlat korxona, muassasa, tashkilotlarida mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, har oylik ish haqining 15 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Sud ishi Oliy sud portalidan olindi.