“Turon” maktab teatri tanlovining hududiy bosqichlari boshlandi
Bu yil ham tanlovning respublika bosqichida birinchilikni qoʻlga kiritgan jamoa xorijga taʼlim sayohatiga yuboriladi.

Oʻtgan yili Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi 7-10-sinf oʻquvchilari oʻrtasida teatr sanʼati va madaniyatini keng targʻib qilishda maqsadida “Turon” maktab teatri respublika tanlovini tashkil etgan edi. Tanlovning respublika bosqichida Navoiy viloyati Navoiy shahar 11-ayrim fanlar chuqur oʻqitiladigan ixtisoslashtirilgan maktabining “Ibrat” jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritib, xorijga taʼlim sayohati yoʻllanmasiga ega chiqqandi. Jamoa 2024 yilning 25-30 noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida boʻlib, Kadikoʻy teatr zalida Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” spektaklini namoyish etgandi.
Tanlovning bu yilgi mavsumida 6-10 sinf oʻquvchilaridan iborat 45 288 ta jamoa (har bir jamoada 8 nafardan oʻquvchi) ishtirok etish istagini bildirib, onlayn roʻyxatdan oʻtdi.
Talabgor jamoalar joriy yilning 24-28 fevral kunlari boʻlib oʻtgan tuman (shahar) bosqichida 2 ta shart asosida oʻzara bellashishdi. Tuman bosqichida birinchilikni qoʻlga kiritgan 208 jamoa 11-29 mart kunlari boʻlib oʻtadigan hududiy bosqichga yoʻl oldi.
Bugun Andijon va Surxondaryo viloyatlarida hududiy bosqichga start berildi.
Tanlovning hududiy bosqichida jamoalarning chiqishlarini haqqoniy baholash maqsadida Toshkent shahridan har bir hududga 3 nafardan iborat hakamlar hayʼati yuborilmoqda. Shuningdek, hududiy bosqich telekoʻrsatuv shaklida yozib olinmoqda.
Bu yil ham tanlovning respublika bosqichida birinchilikni qoʻlga kiritgan jamoa xorijga taʼlim sayohatiga yuboriladi. Tanlovning respublika bosqichi esa iyun oyining birinchi oʻn kunligida Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.